Davlat xaridlarida mahsulotning butun xizmat muddati davomidagi xarajatlarni baholash tizimi, ya’ni “life cost” yondashuvi joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Bunda xarid narxi bilan birga mahsulotning elektr sarfi, ta’mirlash, servis va foydalanish xarajatlari ham hisobga olinadi. Shu tariqa davlat xaridlarida faqat eng arzon narxga qarab mahsulot tanlash amaliyoti qayta ko‘rib chiqiladi.

Masalan, nazorat xaridi doirasida 40 kVt quvvatli ikkita transformator o‘rganilgan. Import transformator mahalliysidan 400 ming so‘m arzon bo‘lgan, biroq uning elektr energiyasi sarfi 10% ga, foydalanish davridagi ta’mirlash xarajati esa to‘rt baravar yuqori ekani aniqlangan.

Uchrashuvda qayd etilishicha, davlat xaridlari doirasida har yili 10 trln so‘mlik elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi.

Ilgari tadbirkorlar davlat korxonalarining buyurtmalarini to‘rt-beshta alohida platforma orqali kuzatishga majbur edi. Endi barcha davlat buyurtmalari bitta platformada aks etadigan tizim joriy qilindi.

Bundan tashqari, 1-yanvardan davlat xaridlari bo‘yicha uch yillik rejalar oldindan e’lon qilina boshlaydi.

Bu tadbirkorlarga talabni oldindan bilib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi uskunalar sotib olish va investor jalb qilish imkonini beradi.

Avvalroq Spot mahalliy maishiy texnika xaridi uchun yillik 18% stavkada kredit ajratish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.