Avvalroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, hukumatda ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.

Savdo-sanoat palatasi mazkur qaror loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgani yuzasidan munosabat bildirdi.

Mazkur qaror loyihasi joriy yilning 27-aprel kuni prezidentning Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhokama qilinib, konseptual takliflar bildirildi.

Qaror loyihasi vazirlik va idoralar bilan idoraviy kelishish jarayonida bo‘lib, takliflar asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan oldin esa yana bir bor kengash muhokamasidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, hujjat loyihasi hukumatga kiritilishidan oldin amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik fikr-mulohozasini o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Jamoatchilik muhokamalari asosida loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi tartib-taomillar va talablar bartaraf etilgandan so‘ng loyiha hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

Soliq qo‘mitasi ham xuddi shu fikrlarni ta’kidlab, qo‘mita soliq to‘lovchilar fikrini hurmat qilishi va bundan keyin ham ularga xizmat ko‘rsatishni o‘zining muhim vazifasi deb hisoblashini qayd etdi.

Qaror loyihasida nimalar belgilanmoqda?

Loyiha bilan naqd puldagi to‘lovlar uchun keshbek qaytarilishini bekor qilish taklif etilmoqda. 1-iyuldan faqat naqdsiz va karta orqali amalga oshirilgan xaridlar uchun keshbek olish mumkin bo‘ladi.

Ko‘chmas mulk va avtomobil savdosini faqat naqd pulsiz amalga oshirish belgilanmoqda. Ayrim xodimlarga ham oylik ish haqini plastik kartalar orqali berish taklif etilmoqda.

Uy-joylarni sotishda soliq bazasini aniqlashning minimal miqdorlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Toshkentda bu 5−7,5 mln so‘mni, viloyatlarda 4−5 mln so‘mni hamda Qoraqalpog‘istonda 2−3,5 mln so‘mni tashkil etishi mumkin.

Shuningdek, soliq organlariga tadbirkorlar hududiga kirishga ruxsat berilishi mumkin. Deklaratsiyada import qilinadigan tovarlar qiymatini kam ko‘rsatganlik uchun jarimalar joriy etish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, loyihada fuqarolar o‘rtasidagi P2P-o‘tkazmalari bo‘yicha nazoratni kuchaytirish ham ilgari surilgan. Soliq qo‘mitasi hamda Markaziy bank o‘rtasida bu bo‘yicha ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish topshiriladi.