Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.

Unda davlat rahbari sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida takliflar bildirdi.

Xususan, yangi tahrirdagi “Investitsiyalar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishi ta’kidlandi. Hujjat JST tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi.

Tez orada mamlakatda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Prezident mazkur tashabbusni o‘tgan yilgi investitsiya forumida ilgari surgandi.

Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi.

Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilga — ikki barobarga uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘liq saqlab qolinadi.

Investorlar uchun qulay sharoit yaratish uchun Xalqaro Toshkent arbitraj markazi tashkil etilgan. “Investitsiya krediti”, “investitsiya subsidiyasi” va “investitsion viza” kabi yangi mexanizmlar joriy qilindi.

2022-yili davlat rahbari Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirgandi.

2023-yilning iyulida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etilib, investorga biriktirilishi belgilangan. Bu haqda davlat rahbari investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha videoselektorda qayd etgandi.