Samarqand viloyatining shahar va tumanlaridagi 16 ta bo‘sh turgan ob’ektlar negizida 14 ta kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Bu haqida Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, jami 116,5 gektar maydonni egallaydigan kichik sanoat zonalarida tadbirkorlarning biznes loyihalari va ishlab chiqarish imkoniyatlarini amaliyotga tatbiq etishlari uchun barcha sharoit yaratilgan.
Ishbilarmonlar belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni vaqtida amalga oshirib, doimiy ish o‘rni yaratib borsalar, keyinchalik mulk huquqi bilan 10 yilgacha ijaraga berish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kredit mablag‘lari orqali xorijdan zamonaviy uskunalar va butlovchi qismlar keltirish uchun 50 million AQSH dollarigacha mablag‘ ajratiladi.
Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi bayoni qabul qilingan kundan e’tiboran, kichik sanoat zonasi ishtirokchilari ikki yil muddatga yuridik shaxslarga solinadigan mol-mulk solig‘i va foyda solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilinadi.
Soliq imtiyozlari kichik sanoat zonasi ishtirokchilari tomonidan eng kam ish haqining 2000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiya kiritish sharti bilan taqdim etiladi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotning 30 foizi eksportga chiqarilsa, imtiyozlar muddati uzaytirib boriladi.