Faoliyatini qonuniy yoʻlga qoʻygan yakka tartibdagi tadbirkorlar qarzdorligi hisobdan chiqariladi. Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Prezidentning “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoniga asosan ushbu hujjat kuchga kirgan vaqtda mavjud boʻlgan qatʼiy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar boʻyicha qarzdorlik, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) boʻyicha hisoblangan qarzdorliklar hisobdan chiqarilmoqda.

Farmon asosida yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslardan tegishli faoliyat turi boʻyicha oʻrnatilgan stavkadan kelib chiqib hisoblangan bir yillik miqdordagi qatʼiy belgilangan soliqni bir yoʻla undirish tartibi ham bekor qilinmoqda.

Qarzdorligi hisobdan chiqarilayotgan shaxslarga kimlar kiradi

“2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslarga va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlarga qarzdorlikni hisobdan chiqarish tartibi qoʻllanilmoqda”, — dedi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq qarzini undirishni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi Jahongir Rajabov.

Ta’kidlanishicha, respublikada mavjud boʻlgan qatʼiy belgilangan soliqlar miqdori 89,8 mlrd. soʻm, ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar miqdori 31,8 mlrd. soʻm, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) boʻyicha hisoblangan qarzdorlik miqdori 637,7 mlrd. soʻmga teng boʻlib, mazkur qarzdorliklar tegishli tartibda hisobdan chiqarilishi koʻzda tutilmoqda.