Oxirgi kunlarda tekshirilmagan va o‘rganilmagan video materiallar Telegram-kanallarda tarqalib, ularni deputatlar tomonidan tekshirilib o‘rganilganda mualliflar tomonidan yolg‘on ma’lumotlar tarqatilgani, ommani fikrini chalg‘itishga urinish va tuhmat holatlar aniqlanmoqda, deb xabar berdi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari o‘rinbosari Nuriddin Zaynitdinov o‘zining telegramdagi kanalida.

Nuriddin Zaynitdinov bolalar uyidagi holat bo‘yicha video kabi manbasi noma’lum va yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan materiallarni misol tariqasida keltirdi.

“Sizlardan kelgusida joylanayotgan materiallarni chuqurroq o‘rganib, manbalarini ma’lum qilgan holda, imkon qadar tekshirilgan materiallarni joylashingizni so‘rayman”, deb ta’kidladi deputat.

Ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumot va materiallar tarqatganlarga taalluqli qonun bo‘yicha javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkin.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari deputatlar tomonidan o‘rganiladi va tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi.