“Sharobsanoat” AJ tomonidan ishlab chiqilgan Prezidentning “Alkogol va tamaki sohasini boshqarish va rivojlantirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda.
2019 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi tartibni belgilash taklif etilmoqda:
- alkogolli mahsulotlarni sotish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomalariga ega bo‘lgan umumiy ovqatlanish korxonalari va mehmonxonalar assortimentida o‘zimizda ishlab chiqarilgan vino mahsulotlari bo‘lishi shart;
- ta’lim, sport va diniy muassasalardan kamida 200 metr (hozir — 500 metr) radiusda joylashgan savdo ob’ektlarida alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotishga ruxsat beriladi;
- umumiy savdo maydoni 100 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yirik savdo shoxobchalari va yarmarka pavilonlari, shuningdek ulgurji savdo bozorlarida alkogolli va tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga ruxsat beriladi;
- alkogolli mahsulotlarni, pivo mahsulotlari bundan mustasno, polietilen, polistirol va boshqa polimer materialdan tayyorlangan polimer iste’mol idishlarida respublika hududiga olib kirish taqiqlanadi.
Hujjat loyihasida 68 birlikdan iborat boshqaruv xodimlarining cheklangan soniga ega Alkogolli va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish agentligi (Agentlik) tashkiliy tuzilmasini hamda Agentlik markaziy apparati tuzilmasini tasdiqlash taklif etilmoqda.
Agentlik huzurida Vinochilik va uzumchilikni rivojlantirish jamg‘armasi (Jamg‘arma)ni tashkil etib, quyidagilarni uni shakllantirish manbalari etib belgilash rejalashtirilmoqda:
- uzumchilikni rivojlantirishga ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
- tovar oborotidan 5 foiz miqdorida alkogolli mahsulotlar bilan ulgurji savdo qiluvchi korxonalardan litsenziya yig‘imlari;
- “Enologiya laboratoriyasi” DUK ajratmalari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Agentlik apparatini saqlash xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilishi nazarda tutilmoqda.