Davlat investitsiya qo‘mitasi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan Jizzax xalqaro investitsiya forumida umumiy summasi $800 mln.dan ziyod bo‘lgan 25 ta kelishuv va kontrakt hamda 3 ta memorandum imzolandi, ularning ichida bevosita chet el investitsiyalari ulushi $600 mln.ni tashkil etdi. Bu haqda Spot’ga Qo‘mita matbuot xizmatidan ma’lum qildilar.
“O‘zcharmsanoat” assotsiatsiyasi investforum doirasida Turkiyaning Mader Deri San. Ve Tic. kompaniyasi bilan tayyor charm (qayta ishlashning to‘liq sikli) hamda charm va boshqa materiallardan sumka va aksessuarlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha, “NPP “Paxtamash KV” MCHJ bilan junni qayta ishlash bo‘yicha, Hindistonning Infinity Group dori vositalari ishlab chiqarish kompaniyasi bilan 5 ta investitsiya kelishuvi, shuningdek 3 ta xorijiy kompaniya — Hindistonning Agio Group, Turkiyaning Ercanlar Matbaacilik Ambalaj Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi va Germaniyaning Wehrhahn GMBH kompaniyasi bilan gazobeton tayyorlashga ixtisoslashgan qator ishlab chiqarishlarni tashkil etish to‘g‘risida investitsiya kelishuvi tuzdi.
“O‘zkimyosanoat” AJ va Koreyaning LG International kompaniyasi sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari, attorlik va maishiy kimyo, tamaki mahsulotlarini qadoqlashda ishlatiladigan biaksial-yo‘naltirilgan polipropilen plyonka (BYPP) ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy kelishuv imzoladilar.
Jizzax shahri va Jizzax viloyati mahalliy aholisini ijtimoiy himoyalash va salomatligini muhofaza qilish sohasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Germaniyaning VAMs GmbH kompaniyasi o‘rtasida forumning yalpi yig‘ilishi davomida aholiga nefrologik va gemodializ yordam ko‘rsatish sohasida investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Jizzax viloyati tumanlari hokimliklari va Xitoyning Heangshui Decheng Machinery and Equipment Co. Ltd kompaniyasi o‘rtasida g‘isht va sement zavodlarini barpo etishga, bazalt ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga, mehmonxona qurishga, shuningdek meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxonalar va tovuq fabrikasi qurishga qaratilgan 6 ta investitsiya kelishuvi tuzildi.
“Zomin-farm” EIZ direksiyasi hamda Xitoy va Koreya kompaniyalari o‘rtasida ikkita kelishuv imzolandi. Xitoyning Heangshui Decheng Machinery and Equipment Co. Ltd kompaniyasi bilan to‘liq siklli kimyo-farmatsevtik fabrika qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“UKOR-ZOMIN” MCHJ XK koreya kompaniyasi bilan rentgenologik jihozlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya kelishuvi tuzildi.
Jizzax viloyati Rashidov va Yangiobod tumanlari hokimliklari Koreyaning Special trading group corp kompaniyasi bilan issiqxonalar tizimini ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya kelishuvi va sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumini tuzdilar.
Investforum doirasida “B2G” “B2B” formatida tashkil etgan muzokaralarda quyidagi kelishuvlarga erishildi:
- Chexiyaning BIZNES CZ S.R.O kompaniyasi bilan sement ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurish yuzasidan kelishuv imzolandi;
- Belarusning “Belalek Grupp” kompaniyasi va “Zomin Pharm” MCHJ o‘rtasida virusga qarshi yangi dori vositalarini ishlab chiqish markazini yaratish yuzasidan bosh kelishuvga erishildi;
- Isroilning VP Agriculture Projects LTD kompaniyasi Jizzax viloyati Yangiobod tumanida zamonaviy issiqxona majmuini barpo etish bo‘yicha imzolangan loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi;
- Tojikistonning “Prommontaj” kompaniyasi bilan beton va asfalt ishlab chiqarish bo‘yicha kontrakt imzolandi. Loyihani Jizzax viloyatining Rashidov tumanida amalga oshirish rejalashtirilmoqda;
- Turkiyaning S.S. Bademli Fidancilik Tarimsal Kalkinma Kooperatifi va Baxmal tumani hokimligi o‘rtasida virussiz mevalar va tok ko‘chatlari yetishtirish uchun ko‘chatxonalar yaratish to‘g‘risida memorandum imzolandi;
- Xitoyning choy ishlab chiqarishni rivojlantirish ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan choy va choy mahsulotlarini tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Forum yalpi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev qayd etganidek, mintaqada 2018−2019 yillarda chet el investitsiyalari ishtirokida umumiy summasi $1 mlrd.dan ziyod bo‘lgan 25 ta mintaqaviy va 14 ta tarmoq loyihalarini bajarish rejalashtirilmoqda.
Chunonchi, forum doirasida, Jizzax viloyati hokimligi va Xitoyning CIRI Information technology Co.Ltd kompaniyasi o‘rtasida yangi va qayta tiklanadigan elektr energiyasi manbalari sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.