“O‘zagrotexsanoatxolding” AJning tashkiliy tuzilmasi yangilandi. Bu haqda prezidentning “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, “O‘zagrotexmash” aksiyadorlik jamiyatini “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatiga o‘rnatilgan tartibda birlashtirish orqali ularning takrorlanuvchi vazifa va tuzilmalarini optimallashtirilish belgilandi.
Bundan tashqari, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati “O‘zagrotexsanoatxolding” tashkiliy tuzilmasidan chiqarildi.
Endilikda mazkur aksiyadorlik jamiyati “O‘zagrotexsanoatxolding” tarkibiga kirmaydigan qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi texnikalar (uskunalar) ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini belgilangan tartibda realizatsiya qilishni tashkil etadi.
“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari
Ular quyidagilar:
- ichki va tashqi bozorlarda tizimli marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi uchun talab etiladigan, tejamkor agrotexnologiyalarni joriy etishni ta’minlovchi, shu jumladan bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, polizchilik va chorvachilikda qo‘llaniladigan turli xil zamonaviy texnika va mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berishni muvofiqlashtirish;
- ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari raqobatbardoshligini oshirish, eksport mahsulotlari turlarini va yetkazish hajmini kengaytirish;
- ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi uchun zarur moddiy-texnika resurslari hamda ehtiyot qismlari bilan ta’minlashni tashkil etish;
- qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida zamonaviy energiya va metallarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga zamonaviy yuqori unumdor qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizatsiya vositalarini chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarishni yaratish va amaldagilarni modernizatsiya qilishga qaratilgan ilmiy-texnikaviy va investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish;
- “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va muvofiqlashtirish;
- qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
“O‘zagrolizing” AJ rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari
Ular quyidagilar:
- lizing oluvchilarning lizing asosida realizatsiya qilinadigan zamonaviy qishloq xo‘jaligi va boshqa texnikalarga, uskunalar hamda mini texnologiyalarga bo‘lgan talablarini o‘rganish;
- agrar yo‘nalishdagi faoliyatning ustuvorligini ta’minlagan holda lizing faoliyati yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash va kengaytirish;
- zamonaviy, xalqaro standartlarga javob beradigan lizing xizmatlari turlarini va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etish;
- agrosanoat kompleksi, iqtisodiyotning real sektori korxonalarining lizing loyihalari va tadbirkorlikni moliyalashtirish uchun xorijiy kredit liniyalari va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish;
- lizing xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish va kadrlar malakasini oshirish.