6 sentabr kuni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Artikxo‘jayevning tadbirkor va investorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, uchrashuv 5 saotdan ortiq davom etdi. Artikxo‘jayev 50 dan ortiq turli loyihalar bilan tanishib chiqdi.

5 soatlik o‘rganish natijasida J. Artikxo‘jayev tavsiya etilgan loyihalarning 80%ini ma’qulladi. Qolganlariga maqbul hududlarni taklif qildi. Ba’zi sarmoyadorlarga esa o‘z loyihalarini shaharsozlik me’yorlari asosida qayta ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

E’tirof etilgan loyihalardan biri charm-poyabzal ishlab chiqarish loyihasi bo‘ldi. Loyihaning umumiy qiymati 5 mlrd so‘m, ishlab chiqarish quvvati yiliga 500 ming juft poyabzal, eksport salohiyati yiliga 300 ming dollarni tashkil etadi.

Mazkur loyihalar ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan zamonaviy mehmonxona, kutubxona, tibbiyot markazlari, savdo va ko‘ngil ochar maskanlar, ko‘p qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarni barpo etishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, uchrashuv davomida charm-poyabzal do‘konlari, zamonaviy navigatsiya belgilarini o‘rnatish takliflari ham muhokoma etildi.