Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma ma’lumot berdi.
Kripto-birja nima o‘zi?
Kripto-birja — kripto-aktivlarni (qimmati va egasi bo‘lgan blokcheyndagi yozuvlar majmui) ayirboshlash, sotib olish va sotish uchun elektron maydonchadan iborat bo‘lgan tashkilot.
Qimmatli qog‘ozlar, birjalar va birja faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari kripto-aktivlar va kripto-birjalar aylanmasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kripto-birjalarni litsenziyalashtirish: talablar va shartlar
Kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya O‘zbekistonda shu’ba yoki boshqa korxonalarni ochish yo‘li bilan faqat xorijiy yuridik shaxslarga beriladi.
Mazkur faoliyat turi uchun asosiy litsenzion talablar va shartlar belgilandi.
Ariza berilgan sanada pul mablag‘lari ko‘rinishida kamida 30 000 EKIH miqdorida (material e’lon qilingan sanada 5 529,0 mln so‘m) shakllantirilgan ustav fondi mavjud bo‘lishi, shundan 20 000 EKIH O‘zbekiston tijorat bankidagi alohida schyotga zaxira sifatida qo‘yiladi.
O‘zbekistondagi serverlarda joylashtirilgan va belgilangan talablarga (keyinchalik tasdiqlanadi) muvofiq keladigan faoliyat yurituvchi kripto-birja savdolari elektron tizimi mavjud bo‘lishi kerak.
Kripto-birja savdosi qoidalari mavjud bo‘lishi, ularda quyidagilar albatta aks ettirilishi kerak:
- ishtirokchilarni kripto-birja savdolariga qo‘yish tartibi;
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari bajarilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar;
- kripto-aktivlar muomalasiga ruxsat berish va muomaladan chiqarish tartib-taomillari;
- kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
- bitimlarni tuzish chog‘ida kripto-birja savdosi ishtirokchilarining o‘zaro hisoblashish tartibi;
- kripto-birja xizmatlaridan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori va uni belgilash tartibi;
- kripto-birjadagi narxlar manipulyatsiya qilinishi va maxfiy axborotdan huquqqa zid ravishda foydalanilishini bartaraf etish chora-tadbirlari;
- kripto-aktivlardan huquqqa zid maqsadlarda foydalanilishini taqiqlash.
Shuningdek, mijozlarning kripto-aktivlari bilan bog‘liq operatsiyalar to‘g‘risidagi axborot, shuningdek ularning identifikatsiya ma’lumotlari va mijozlar bilan o‘zaro munosabatlariga doir materiallar, shu jumladan amaliy yozishmalar 5 yil davomida saqlanadi.
Vakolatlar va nazorat
Kripto-birjalar quyidagi huquqlarga ega:
- ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun, shu jumladan kripto-aktivlarda haq olish, uning miqdorini va savdolar ishtirokchilaridan (mijozlardan) undirish tartibini belgilash;
- rezidentlar va norezidentlar bilan kripto-aktivlarni milliy va xorijiy valyutaga sotib olish va (yoki) uchinchi shaxslarga berish, shuningdek kripto-aktivlarni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlashga yo‘naltirilgan birja bitimlarini tashkil etish.