Davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan obyektlar sotiladi. Bu haqda Prezident qarorida keltirilgan.

Qarorda keltirilishicha, ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan o‘zgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat ko‘rsatmayotgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash va o‘n ikki mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.

Qarorga muvofiq, tumanlarda darajasida foydalanilmayotgan ob’ektlardan samarali foydalanish bo‘yicha namunaviy tarkibdagi idoralararo komissiyalar tuzildi.

Ushbu komissiyalar:

  • tegishli hududdagi foydalanilmayotgan obyektlarning ro‘yxatini shakllantiradi;
  • foydalanilmayotgan obyektlarda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” va investitsiya loyihalarini mulkdorlar bilan birga ishlab chiqadi;
  • mulkidan foydalanmayotgan mulkdorlarga (yuridik shaxslarga) nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash haqida xulosa taqdim etadi;
  • tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashadi.

2018 yil 15 sentyabrdan boshlab:

Davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan ob’ektlar sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga beriladi. Foydalanilmayotgan obyektlar egalariga (yuridik shaxslar) quyidagi ta’sir choralari qo‘llaniladi:

  • qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlarini to‘xtatish;
  • soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazish;
  • mol-mulk va yer soliqlarini o‘rnatilgan stavkaga nisbatan ikki baravarga oshirish (6 oy o‘tgandan so‘ng — besh baravarga, 12 oydan keyin o‘n baravarga oshiriladi).

Ta’sir choralari davlat tashkilotlarning aybiga ko‘ra investitsiya loyihasini amalga oshira olmaganlarga, shuningdek foydalanilmayotgan ob’ektdan samarali foydalanish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni (investitsiya loyihasini) taqdim etgan va amalga oshirishni boshlaganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

O‘zbekistonda jami 45 mingta faoliyat ko‘rsatmayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan obyektlar saqlanib qolmoqda, ularning 27 mingtasi xususiy mulk hisoblanadi.