“Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan tadbirkor Senat a’zosi etib saylandi. Bu haqda Xalq so‘zi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, “Bek klaster” korxonasi rahbari, 4-Namuna saylov okrugidan xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Ulug‘bek Norxojayevich Sotiboldiyev 98,4% ovoz bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi etib saylandi.
Sotiboldiyev 1976 yilda tug‘ilgan. Guliston davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida iqtisodchi-menejer ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olgan. Faoliyatini oddiy xodimlikdan boshlab keyinchalik tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda u bir necha tadbirkorlik sub’ektlari hamda “Bek klaster” qo‘shma korxonasini boshqarib kelmoqda. U rahbarlik qilayotgan tizimda 4000 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi arafasida Prezident farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.