Shvetsariyaning Credit Suisse banki O‘zbekiston neft va gaz sanoati loyihalarini moliyalashtirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu xaqda “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 11 sentyabr kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bosh ofisida kompaniya rahbariyati Shvetsariyaning “Credit Suisse” banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda bankning “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtiroki muhokama etildi.
“Shvetsariya banki vakillari mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishida muhim o‘rin tutadigan „O‘zbekneftgaz“ aksiyadorlik jamiyatining investitsion loyihalarini moliyalashtirishga katta qiziqish bildirayotganlarini alohida ta’kidlab o‘tdi”, deyiladi xabarda.
Bank vakillarining aytishicha, loyihalarni moliyalashtirish nafaqat tijorat maqsadini ko‘zlaydi, balki “Credit Suisse” bankining “O‘zbekneftgaz” AJ bilan strategik munosabatlarning o‘rnatilishiga xizmat qiladi. Va ular ushbu hamkorlik uzoq muddatli bo‘lishidan umidvor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi mas’uliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi neftni qayta ishlash zavodini qurish bo‘yicha investitsion loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini birgalikda ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.