2018 yil 17 sentyabr kuni Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining brifingi o‘tkazildi, deb yozadi Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, anjumanda Komissiya raisi Tolibjon Madumarov jurnalistlarga joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Oliy Majlis Senati Kengashi hamda Toshkent shahrining barcha tumanlari mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlislarida muhokama qilingan masalalar va qabul qilingan qarorlar yuzasidan axborot berdi.

“Poytaxtning ko‘p qavatli uylarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash dasturi doirasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni moliyalashtirish uchun qariyb 158 mlrd. so‘m (103%) kredit mablag‘lari ajratilgan. Biroq, belgilangan vazifalarning yarmidan ko‘pi (51%) o‘z vaqtida ijro etilmagan”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ayniqsa, Yashnobod, Chilonzor, Sergeli, Bektemir va Shayxontohur tumanlarida mazkur yo‘nalishdagi ishlar paysalga solinayotganligi qayd etildi. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi mavjud 1440 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatidan 304 tasi moliyaviy ahvoli qoniqarsizligi sababli imtiyozli kreditlar ololmagan. Ularning aksariyati Mirobod, Shayxontohur, Chilonzor, Sergeli va Yunusobod tumanlarida joylashgan.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining axborotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi jami 505 ta mahallada 3 mingdan ziyod foydalanilmasdan bo‘sh turgan ob’yekt aniqlangan. Jumladan, mazkur obyektlarning 335 tasi davlat tasarrufidagi obyekt bo‘lsa, 800 dan ortig‘i ilgari xususiylashtirilgan, 1300 ga yaqini mulkdorlarning o‘zlari tomonidan qurilgan hamda qariyb 550 tasi egasiz bino-inshootlardir.