Markaziy bankda dollar kursining ko‘tarilishini izohladilar.
Ma’lum qilinishicha, oxirgi uch oyda tashqi iqtisodiy sharoitlarining o‘zgarishi ichki valyuta bozorida milliy valyuta almashuv kursining shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
O‘tgan yilning sentyabr oyidan boshlab valyuta almashuv kursi bozordagi xorijiy valyutaga bo‘lgan joriy talab va taklif holatidan kelib chiqib shakllanib kelmoqda.
2018 yilning yanvar-iyul oylarida valyuta kursi dinamikasi asosan mavsumiy omillar ta’sirida shakllandi.
Xususan, yanvar oyida eksport va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining nisbatan kam bo‘lganligi sharoitida milliy valyuta almashuv kursi 8139 so‘m/dollardan 8189 so‘m/dollargacha pasaydi.
Shu bilan birga, mart-iyul oylarida eksport va boshqa manbalardan valyuta tushumlarining oshishi natijasida so‘mning almashuv kursi teskari dinamikaga ega bo‘lib, birinchi avgust holatiga 7782 so‘m/dollargacha qadri oshdi.
Bundan tashqari, chet el valyutasidagi kreditlar hajmining tez sur’atlarda o‘sishi va depozitlar dollarizatsiya darajasining pasayishi ichki valyuta bozoridagi xorijiy valyutaga bo‘lgan talabni qisman qondirilishiga xizmat qildi. Shuningdek, milliy valyutadagi muddatli va jamg‘arma depozitlar hajmining oshishi ham so‘m almashuv kursining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
“Joriy yilning avgust oyidan boshlab almashuv kursi dinamikasiga tashqi omillar, ayniqsa asosiy savdo hamkorlarimiz bo‘lgan davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi (Rossiya — 19 foiz, Qozog‘iston — 17 foiz, Xitoy — 9 foiz, Turkiya — 56 foiz) ta’siri kuchaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu davlatlar valyutalari kurslarining keskin o‘zgarishi so‘m almashuv kursiga bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatdan keyin o‘z ta’sirini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Natijada so‘mning real almashuv kursi ushbu davlatlar valyutalariga nisbatan qadri sezilarli darajada oshdi (Rossiya rubliga nisbatan 29 foizga, Qozog‘iston tangasiga nisbatan 22 foizga, Turkiya lirasiga nisbatan 67 foizga, Xitoy yuaniga nisbatan 14 foizga).
Valyuta birjasi savdolaridagi so‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi o‘zgarishi dinamikasi:
Shu bilan birga, 2018 yilning qolgan oylari so‘m almashuv kursining yil boshidagi darajasiga nisbatan keskin o‘zgarishi kutilmayapti.
Ta’kidlanishicha, valyuta kursining joriy dinamikasi tashqi omillar ta’sirini yumshatib, iqtisodiyotimizni o‘zgaruvchan tashqi sharoitlarga moslashishiga yordam beradi. Xususan, Xalqaro pul o‘tkazmalari va eksportdan tushadigan tushumlarning kamayishi sababli yuzaga keladigan yo‘qotishlar, almashuv kursi pasayishi natijasida uning so‘mdagi ekvivalentining oshishi hisobiga ma’lum darajada qoplanadi.
“Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi ishtiroki oltin-valyuta rezervlari hajmini oshirish yoki ulardan valyuta almashuv kursini ma’lum darajada ushlab turish uchun foydalanish maqsadlarini ko‘zlamaydi. Avval ta’kidlanganidek, Markaziy bank „oltin-valyuta rezervlar neytralligi“ tamoyiliga amal qilishni davom ettiradi”, deyiladi xabarda.
Bunda, Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani sotish, ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan oltin hajmi doirasida likvidlikni sterilizatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi. Intervensiyalar hajmi ichki valyuta bozoriga kelib tushadigan xorijiy valyuta tushumlarining mavsumiyligi ta’sirida oylar orasida o‘zgarishi mumkin.
Milliy valyutaning qadrsizlanishi ichki narxlar shakllanishiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘m almashuv kursining bir foizga qadrsizlanishi yillik inflyatsiya sur’atini o‘rtacha 0,2 foiz bandga tezlashishiga olib keladi.