IT sohasi ishbilarmoni, axborot texnologiyalari bo‘yicha biznes-tahlilchi, investor Bobur Oqilxonov “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining texnologiyalar bo‘yicha investitsion direktor etib tayinlandi. Bu haqda Spot’ga Loyiha boshqaruvi milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bizning birinchi galdagi vazifamiz — yuqori malakali IT mutaxassislar jamoasini yig‘ish va O‘zbekistondagi hayotning turli sohalarida „blokcheyn“ texnologiyasini joriy qilish demakdir. IT-loyihalari va ularni amalga oshiruvchi sarmoyadorlar bilan ko‘p ishlar olib borishimizga to‘g‘ri keladi”, — deya ta’kidladi Bobir Oqilxonov.
Bobir Oqilxonov Toshkentda joylashgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro maktabni tamomlagan, Avstraliyadagi Charlz Styort universiteti (Charles Sturt University)ning bakalavr bosqichini axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan.
U “Billur.com” xosting-kompaniyasi asoschilaridan biri, Plov.com loyihasiga sarmoya kiritgan, “KupiOtpusk” va “Blockcrunch Capital” xolding kompaniyasiga asos solgan. Birinchi loyihasi: StudentFace Australia, asoschisi va bosh direktori.
Jamg’arma 2 sentyabrda tashkil etilgan bo’lib, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning eng ustuvor yo’nalishlarida investitsion, moliyaviy va boshqa resurslarni birlashtirishga qaratilgan.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish fondi davlat-xususiy sherikchilik shartlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga oid istiqbolli va strategik muhim, shu jumladan kripto-aktivlar aylanmasi va kripto-birjalar sohasidagi loyihalarni amalga oshiradi.