AQSH Mehnat vazirligi bolalar mehnatiga oid hisobotini chop etdi. O‘zbekistonda bu borada mo‘tadil o‘sish bor, deyiladi unda, deb yozadi AQSHning O’zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.
Xabarga ko’ra, 2018 yil 20 sentyabr kuni AQSH Mehnat vazirligi bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakli bo‘yicha xulosalar jamlangan 17-yillik hisobotini e’lon qildi.
“Ushbu hisobotda bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakllarini bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida hukumatlar olib borayotgan ishlar baholangan”, deyiladi xabarda.
Unda dunyodagi turli mamlakatlar bu sohada muhim, mo‘tadil, minimal o‘sishga erishgan va yo umuman o‘sish kuzatilmagan, deya baholangan.
Hisobotda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishni sezilarli ravishda qisqartirgani natijasida, O‘zbekiston birinchi marta mo‘'tadil o‘sishga erishgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.
AQSH Mehnat departamenti bir vaqtning o‘zida yana bir qo‘shimcha hisobot — “Bolalar mehnati yoxud majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxati"ni — e’lon qildi.
Bu ro‘yxatda dunyodagi 76 mamlakatda ishlab chiqarilgan 148 ta mahsulot o‘rin olgan. Bu yil O‘zbekiston paxtasi ushbu ro‘yxatdan o‘chirilgan.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonni bunday muhim yutuq uchun olqishlaydi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, AQSH O‘zbekiston hukumatini mustaqil kuzatuvchilarga avvaldan e’lon qilmasdan joylarga borib paxta mavsumida yaratilgan mehnat sharoitlarini monitoring qilishlarini cheklamaslikka hamda kuzatuvchilarga tahdid o‘tkazuvchi va yo ushlab turuvchi, qolaversa, bolalardan maktabga paxta olib kelishni talab etuvchi rasmiylarni jazolashga chaqiradi.