22 sentyabr poytaxt hokimligida navbatdagi “Investor kuni” bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Unda Bektemir, Olmazor tumanlaridan tashrif buyurgan tadbirkor va investorlarning 20 dan ortiq loyihalari muhokama etildi.
Taqdim etilgan loyihalar ijtimoiy soha obyektlari, xususan zamonaviy mehmonxona, kutubxona, tibbiyot markazlari, savdo va ko‘ngil ochar maskanlar, ko‘p qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarni barpo etishni ko‘zda tutadi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Artikxo‘jayev loyihalarning avvalo, yangi ishchi o‘rinlari yaratilishi va aholi manfaatilariga har tomonlama mos bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Xususan, Artikxo‘jayev Olmazor tumanida yillik tovar aylanmasi 5 million $ bo‘lgan “Denta servis” xususiy stomatologiya va tibbiyotda og‘riqsizlantiruvchi dori vositalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona loyihasi bilan tanishdi.
Poytaxt hokimi loyihani qo‘llab-quvvatlab, poytaxtda sifatli xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot markazlari ko‘payishiga ishonch bildirdi.
5 soat davom etgan uchrashuvda J. Artikxo‘jayev tavsiya etilgan loyihalarning 80%ini ma’qulladi.