Prezidentning “2019−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi.
Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish — Strategiyaning bosh maqsadidir.
Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;
- barcha darajada ta’lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash;
- ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;
- innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;
- boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
- mulkchilik huquqlari himoyasini ta’minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
- barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.
Fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferini rivojlantirish
Loyihaviy boshqaruv mexanizmlaridan foydalangan holda dasturiy-maqsadli tamoyil asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlarini o’tkazishga davlat tomonidan buyurtma berish orqali tadqiqotlar tashkil etish mexanizmi joriy etiladi.
Noyob ilmiy-texnik uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari tashkil etiladi.
Shuningdek, Noyob ilmiy-texnik uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari va Texnologiyalar transferi o’yicha milliy va hududiy ofislar tashkil etiladi.
Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish
Ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat harajatlari ko’paytirilib va 2021 yilga borib bu ko’rsatkich yalpi ichki mahsulot hajmining 0,8%iziga yetkaziladi.
Infratuzilma va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish
2021 yilgacha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar eksporti ulushi ular umumiy hajmining 4%iziga yetkaziladi.