Prezidentning Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi AKT sohasida Hindistonlik hamkorlar bilan bir qator shartnomalarni imzoladi, deb yozadi AKT vazirligi matbuot xizmati.
O’zbekistonda dasturiy ta’minot va innovatsion mahsulotlar texnoparki yaratiladi
Hindiston-STPI dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati bilan hamkorlikda dasturiy mahsulotlar va vositalarni ishlab chiqarish uchun zamonaviy platformalarni yaratish va rivojlantirishdan manfaatdor. Hindistonlik hamkorlarga Hindistonning STPI jamiyatlarining tajribasi asosida O’zbekistonda dasturiy ta’minot va innovatsion mahsulotlar texnoparkini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Hindistonda dasturiy ta’minot texnologiyalari parklari (STPI) Hindistonda dasturiy ta’minot eksportini rag‘batlantirish maqsadida 1991-yili tashkil etilgan. Kompaniya dasturiy ta’minot va xizmatlarni ishlab chiqish va eksport qilishni qo’llab-quvvatlaydi, mahsulotlarni rag’batlantirish uchun eksport qiluvchilarga qonunchilik va boshqa xizmatlarni taqdim etadi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, mikro, kichik va o’rta biznes vakillarining faoliyatini rag’batlantiradi.
AKT-ta'limi sohasidagi hamkorlik
Hindiston bilan AKT-ta'limi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tashrif davomida bir nechta hujjatlar imzolandi:
- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Dehli Hindiston Texnologiya instituti (IITD) o’rtasida o’zaro anglashuv memorandumi. Memorandum universitetlar o’rtasida akademik almashinuvga (talabalar almashinuvi, o’qituvchilar, tadqiqotchilar), TATU o‘qituvchi-professorlarining malakasini oshirishga, birgalikda tadqiqotlar o’tkazish va boshqalarga qaratilgan.
- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Hindistonning yetakchi kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish markazi (CDAC) o’rtasida TATU qoshidagi Javaharlal Neru nomidagi O’zbekiston-Hindiston Axborot texnologiyalari markazini yanada takomillashtirish bo’yicha kelishuv.
Shuningdek, Hindistonning yetakchi oliy o’quv yurtlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar natijalariga ko’ra, Hindistondagi “Amity” yetakchi oliy o’quv yurtining Toshkent shahridagi filialini ochish masalasini birgalikda ishlab chiqish bo’yicha kelishuvga erishildi.
Amity universiteti (Amity University) — Hindistondagi yetakchi xususiy notijorat oliy ta’lim muassasasidir. O‘quv yurtining asosiy binosi Noida shahrida joylashgan bo’lib, 11 ta shaharda (Mumbay, Jaypur, Kolkata va boshqalar) kampuslari, shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, Janubiy Afrika va boshqa joylarda filiallari joylashgan. “Times Higher Education” va “QS Ranking” xalqaro reyting kompaniyalarining xulosasiga ko‘ra, universitet dunyoning eng nufuzli oliy o’quv yurtlaridan biri bo’lib, Osiyodagi eng yaxshi 300 ta universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet 150 mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan yirik ta’lim muassasasidir.
Elektron hukumat rivojlantiriladi
O’zbekiston elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik va tajriba almashishdan manfaatdor. Tashrif chog’ida O’zbekiston Elektron Hukumatini rivojlantirish markazi va Hindiston Informatika milliy markazi o’rtasida ushbu yo’nalishda hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish borasida bitimlar imzolandi.
Tomonlar O’zbekiston Elektron Hukumatini rivojlantirish markazi va Milliy informatika markazi (NIC) o’rtasida elektron hukumat sohasida hamkorlik to’g’risida o’zaro anglashuv memorandumi imzoladilar.