Toshkentda yirik qandolat fabrikasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tashkil etilgan “Amilov” qandolat fabrikasi iste’molchilarga turli xildagi pechenye, vafli, marmelad, marshmellou, karamel, shokoladli plitkalarni va boshqa turdagi qandolat mahsulotlarini taklif etadi.
“Fabrika mahsulotlari zamonaviy jahon bozorida qo‘yiladigan eng yuqori talablarga va standartlarga javob beradi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda fabrikada un va shakarli mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy, avtomatlashtirilgan liniyalar muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yildi.Texnologik liniyalar 2018 yil yoz oyida o‘z ishini boshladi. Fabrika Germaniya, Avstriya, Daniya, Italiya kabi davlatlarning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan.
Shuningdek, mahsulotlarni qadoqlash jarayonida Germaniya, Italiya, Gollandiya mamlakatlarining zamonaviy avtomatik qadoqlash liniyalaridan foydalanadi.
“Ta'kidlash joizki, uskunalar barcha ekologik xavfsizlik talablariga javob beradi. Yangi asl mahsulotni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan uzluksiz mehnatlar nafaqat bizning mamlakatda, balki jahon bozorida ham qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari tomonidan yuqori baholanib, ularning munosib e’tirofini olishga va iste’molchilar ishonchini qozonishga imkon beradi”, deyiladi xabarda.
Bugunga kelib fabrikada 650 dan ortiq malakali xodimlar ish bilan ta’minlangan.