Adliya vazirligi tomonidan Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda turli sohalar (tadbirkorlik, ijtimoiy himoya, huquqiy himoya va b.sh) bo‘yicha bepul maslahat beradigan “Advice.uz” yagona ma’lumotlar portalini yaratish ishlari boshlandi, deb yozadi vazirlik matbuot xizmati.
Xabarga ko’ra, mazkur portalni muvaffaqiyatli ishga tushirish maqsadida Prezident ma’muriyati va Adliya vazirligi vakillaridan iborat delegatsiyaning Buyuk Britaniyaning London shahriga tashrifi uyushtirildi.
“Citizens Advice” vakillari “Advice.uz” loyihasini amalga oshirishda kerakli bo‘lgan barcha axborot resurslarini taqdim etish, ekspert yordamini ko‘rsatish orqali Adliya vazirligi bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
“Government Digital Services vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda axborot texnologiyalari, xususan, mazkur portalning veb platformasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilishga qaror qilindi. Tomonlar O‘zbekiston delegatsiyasining kelgusi tashrifida Hamkorlik memorandumini imzolashga kelishishdi”, deyiladi xabarda.
Bepul maslahat beruvchi veb-portalning yaratilishi fuqarolarning arzimagan masalalar bo‘yicha turli idoralarga murojaat qilishini keskin kamaytirishi bilan birgalikda, kundalik hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan turli muammoli masalalarning qonuniy yechimini topilishini ta’minlaydi.
“Citizens Advice” Britaniyaning mamlakat buyicha 316 mustaqil xayriya tashkilotlari tarmog‘i xisoblanadi. Tizim orqali ijtimoiy yordam, mehnat munosabatlari, qarzdorlik, is’temolchilarning huquqlarini himoya qilish, oila, uy-joy, sud-huquq, migratsiya sog‘liqni saqlash kabi sohalarda elektron portal, telefon, elektron va Webchat kabi xizmatlar orqali va telefon, elektron va Webchat xizmati yordamida bepul ravishda ma’lumot va maslaxatlar taqdim etadi. 2017−2018 yillar davomida “Citizens Advice” jamoasi tomonidan 2 mln 700 ming nafardan ortiq shaxslarga bevosita huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Onlayn maslahat saytidagi ma’lumotlardan 43 milliondan ortiq shaxs foydalangan.