Adliya vazirligi tomonidan “Qishloq xo‘jaligi maqsadlarida bo‘lmagan yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjat loyihasi tayyorlandi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra 2019 yil 1 iyuldan boshlab:

  • yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar — rezidentlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega bo‘lishi;
  • O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega bo‘lishi;
  • yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar — O‘zbekiston rezidentlari, shuningdek, mamlakat fuqarolari yer uchastkalari bilan birgalikda xususiylashtirish tartibida davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olishlari mumkinligi nazarda tutilgan.

Bu nega kerak?

Nodavlat yerlarning xususiylashtirilishi respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo’lib, biznes yuritish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdir.

Loyihaning maqsadi yerlarni fuqarolik aylanmasiga jalb qilish, ulardan samarali foydalanishni ta’minlash, investitsion imkoniyatlarni kengaytirish va yer qonunchiligini yanada takomillashtirishdan iboratdir.

Buni qanday qilish taklif qilinmoqda?

Yer uchastkalarini xususiylashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarorlari asosida pullik asosda amalga oshiriladi.

Loyiha bilan aniqlashtirilishicha, yer uchastkalarini xususiylashtirish faqat bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari, shuningdek, ko‘chmas mulk kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan aholi punktlarida joylashgan yer uchastkalariga nisbatan amalga oshiriladi.

Xaridorlarni rag’batlantirish

2021 yil 1 yanvargacha yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov, ularning joylashgan joyi, kommunikatsiyalar va boshqa sharoitlar mavjudligiga qarab aniqlanuvchi kadastr baholanishi bo‘yicha, 2021 yil 1 yanvardan keyin bozor qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarni yer uchastkalarini xususiylashtirishga rag‘batlantirish, shuningdek, yer uchastkasining egasi va foydalanuvchisi maqomini aniq belgilash uchun yer uchastkalari mulkdorlariga belgilangan yer solig‘i stavkasini ½ qismga kamaytirish taklif etildi.

Bundan tashqari, yer umummilliy boylik hisoblanishi hisobga olinib, loyiha bilan xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini sotib olishda cheklovlar belgilash nazarda tutiladi. Shuningdek, qaror bilan xususiylashtirilmaydigan yer uchastkalariga ham aniqlik kiritiladi.

Bu nima beradi?

Ushbu hujjat loyihasining ma’qullanishi mamlakatimizda xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish va iqtisodiyotga ichki investitsiyalarni safarbar etish, eskirgan yer qonunchiligi normalarini bartaraf etishga, shuningdek, yerlarni fuqarolik aylanmasiga jalb qilishga xizmat qiladi.

Loyiha rad etilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.