Toshkent shahri, Chilonzor tumanida “Oloy Gulzor Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida “Golden Corn” Toshkent kraxmal-patoka zavodi ishga tushdi, deb yozadi O’zA.
Xabarga ko’ra, o’rtacha yillik quvvati 9,6 million $ miqdorida kraxmal kukuni, patoka, maltoza va maltodekstirin ishlab chiqaruvchi bu zavod Markaziy Osiyoda yagona zavod bo‘lib, makkajo‘xori donidan foydalanadi.
Mazkur zavodning kunlik quvvati 80 tonna xomashyodan o‘n xildagi mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Zavodda asosiy mahsulotdan tashqari chorvachilik, tovuqchilik va baliqchilik uchun omixta yem va bioqo‘shimcha mahsulotlar, yog‘-moy kombinatlari uchun ikkilamchi xomashyo turi — jerm ishlab chiqariladi.
“Misol uchun, 50 tonna jo‘xori qayta ishlansa, undan35 tonna kraxmal, 3,5 tonna yog‘, 2,5 tonna glyuten, 5,5 tonna chorva uchun ozuqa ishlab chiqariladi. Mahsulotlar oziq-ovqat, yengil sanoat, qandolatchilik, chorvachilik kabi sohalarida ishlatiladi. Makkajo‘xori xomashyosi kamroq bo‘lganda, guruchdan foydalanamiz”, — deydi zavod direktori Shamsiddin Shukurov.
Zavodda Xitoy va Eron texnologiyasi o‘rnatilib, xorijiy mutaxassislar ham ishga jalb etilgan. Mahsulotlar sifati jahon standartlariga to‘la javob beradi.
Takidlanishicha, ayni vaqtda 100 ortiq ish o‘rni yaratilgan zavodda tayyorlanayotgan raqobatbardosh mahsulotlar kelgusida ichki bozorni bemalol to‘ldiradi. Bundan tashqari eksport ham rejalashtirilmoqda. Xususan, Tojikistondagi hamkorlar bilan shartnomalar imzolangan.