Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilindi.
Qarorga muvofiq 2018−2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va iste’molini nazorat qilishni takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"tasdiqlandi.
Unga ko’ra:
- mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSH dollari bo‘lgan umumiy quvvati 1 984 MVt 7 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshiriladi;
- jalb qilinadigan kreditlar va “O‘zbekenergo” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2 500 ta transformator punktini o‘rnatish va modernizatsiya qilinadi;
- elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi o‘rinlarda — EEHO va NQAT) 7 million iste’molchilarni ulash, 2021 yil yakuniga qadar EEHO va NQAT qamrovini abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkaziladi;
- Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari bilan kelishilgan, umumiy qiymati 1,8 milliard AQSH dollari miqdoridagi uzoq muddatli kreditlarni o‘zlashtiriladi.
“Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘larining 100 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan qismi past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Komissiya tashkil etildi
Komissiyaga quyidagilar topshirildi:
- ishlab chiqarish quvvatlarini 2030 yilgacha 20 ming mVtga yetkazish bo‘yicha uzoq muddatli investitsiyaviy dasturni 2019 yil 1 mayga qadar ishlab chiqish;
- 2019 yil 1 martga qadar elektr energiyasini uzatishda davlatning to‘liq nazoratini saqlab qolgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy sxemasiniishlab chiqish yuklandi. Bunda elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash (sotish) korxonalariga xususiy hamda xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinadi, ishlab chiqaruvchi korxonalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov asosida elektr energiyasini sotib olishning ulgurji bozori bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
- 2019 yil 1 aprelga qadar elektr energetikasi tarmog‘iga xususiy sektorni jalb qilishni rag‘batlantiruvchi, elektr energiyasining joriy va kapital xarajatlarini qoplashga asoslangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash metodologiyasini tayyorlash va tasdiqlash;
- 2019 yilda elektr energetikasi tarmog‘i korxonalarining korporativ obligatsiyalarini chiqarish va xalqaro bozorlarga joylashtirish;
- 2018 yil 1 dekabrga qadar elektr energetikasi tarmog‘ida davlat-xususiy sheriklikning normativ-huquqiy bazasi, tartib-taomillari va reglamentini ishlab chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash;
- 2018 yil 15 dekabrga qadar Energetika vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezidenti Farmoni loyihasi ishlab chiqish.