Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti (IMC University Krems) bilan hamkorlikda iqtisodiyot va turizm yoʻnalishida kadrlar tayyorlanadigan yangi fakultet ochildi.

Xabarga ko’ra, Avstriyaning Krems amaliy fanlar universitetining bosh ijrochi direktori Karl Ensfelner, prezidenti Mag Boyer Xeyns hamda Transmilliy dasturlar boʻyicha direktori Jens Piter Ennendan iborat delegatsiyaning Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrifi doirasida ikki universitet oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha shartnoma imzolandi.

Oʻzbek-avstriya qoʻshma fakultetida oʻquv jarayonlari 2019 yildan boshlanib, taʼlim ingliz tilida olib boriladi va bitiruvchilarga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Avstriyaning Krems amaliy fanlar universitetining diplomi beriladi.

Qoʻshma fakultetda oʻquv jarayonlari oʻzbek va xalqaro taʼlim standartlari asosida zamonaviy sharoitlarda tashkil etiladi. 2019 yildan boshlab qoʻshma oʻquv dasturi asosida “Eksportga ixtisoslashtirilgan menejment”, “Turizm va koʻngil ochish maskanlari menejmenti” yoʻnalishlarida bakalavriat bosqichida 100 nafar talaba tahsil oladi.

Shartnomaga koʻra, talabalar magistratura yoʻnalishida “Xalqaro biznes va eksportni boshqarish”, “Raqamli biznes innovatsiyasi va transformatsiya” mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olishi mumkin boʻladi.

IMC University Krems Avstriyadagi eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri sanalib, 1994 yilda xususiy xalqaro biznes maktabi sifatida tashkil etilgan. 2002 yilda Avstriya hukumati tomonidan rasman Avstriya amaliy fanlar universiteti nomini olgan. Bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasi 98 foizni tashkil etadi. Universitetda 27 sohaga yoʻnaltirilgan 3 ta institut (biznes boshqaruvi, sogʻliqni saqlash va biotexnologiya) faoliyat olib boradi.