Markaziy bank Boshqaruvining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma xabar berdi.
Hujjatga ko’ra banklar tomonidan bank hisobvarag‘ini ochish va unga xizmat ko‘rsatish chog‘ida tadbirkorlik sub’ektlaridan hujjatlarga muhr qo‘yish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlashni talab etish taqiqlandi.
Endilikda, hujjatlar aylanmasida faqat imzolar namunalari qo‘yilgan varaqchalardan (ilgari — imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalar) foydalaniladi. Tadbirkorlik sub’ektlari va ular sirasiga kirmaydigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun varaqchalarning yangi namunalari tasdiqlandi.
Shuningdek, ta’sischilari O‘zbekiston rezidenti — jismoniy shaxslardan iborat bo‘lgan yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida milliy va chet el valyutasidagi bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishlari mumkin.
Bank hisobvarag‘ini ochishda bank hisobvarag‘i shartnomasi ofertasini akseptlash (ya'ni bank taklif etayotgan shartlarga so‘zsiz rozilik berish) yo‘li bilan tuziladi.