Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Artikxo‘jayevning tadbirkor va investorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va unda hokim v.b. 5 soat ichida 50 dan ortiq turli loyihalar bilan tanishib chiqqan edi.

6−8 sentyabrda bo’lib o’tgan “Investor kuni” yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 4,3 trln. so‘m, shundan 294,5 mln. $ ga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 90 ta istiqbolli loyihalar Respublika Ishchi guruhi tomonidan tanlab olinib tasdiqlandi, deb yozadi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 12 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Tanlab olingan loyihalarni 2018−2019 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 25 tasi sanoat (umumiy qiymati 844,8 mlrd. so‘m), 34 tasi xizmat ko‘rsatish (1894,0 mlrd. so‘m), 31 tasi uy-joy va ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi sohalariga (1531,8 mlrd. so‘m) to‘g‘ri keladi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha ravishda 800 mlrd. so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va 30 mln.$ ga yaqin mahsulotlar eksport qilinishi kutilmoqda.