Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq to‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida respublikamizning 14 ta hududida “Soliq-servis” DUKning hududiy markazlari tashkil etildi. Bu haqda Spot’ga Davlat soliq qo’mitasida ma’lum qilishdi.

Hozirda mazkur hududiy markazlarda 238 nafar xodim faoliyat yuritib, ular orasidan viloyatlarning har bir tumani bo‘yicha tayinlangan bittadan vakil ushbu tumanlardagi soliq to‘lovchilar bilan doimiy asosda ishlaydi va soliq majburiyatlarini bajarishda xo‘jalik subyektlariga ko‘maklashadi.

Ta’kidlanishicha, Davlat soliq qo‘mitasining interaktiv xizmatlar tizimini takrorlamaydigan qo‘shimcha interaktiv xizmatlar ishlab chiqish, xususan, fermer xo‘jaliklari va kichik korxonalar uchun “onlayn buxgalteriya” yaratish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi.

“Shu bilan birga, shaxsiy kabinetlar orqali elektron tarzda soliq to‘lovchilardan kelib tushadigan murojaatlarni individual ravishda ko‘rish va har biriga javob berishga qaratilgan „soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish“ maxsus bo‘limi tashkil etildi”, deya xabar berishdi Qo’mitada.

Shuningdek, aholi va xo‘jalik subyektlariga axborot xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida “call-markaz” maxsus servisi ishga tushirilgan. Aholi va xo‘jalik subyektlari tomonidan soliq majburiyatlarini bajarishda sohaga oid yoki buxgalteriyasini yuritishga doir masalalarda axborot-maslahat xizmatlariga zarurat tug‘ilsa, “Soliq-servis"ga (71) 202−32−82 yoki 1198 qisqa raqami orqali murojaat etishlari mumkin.