Prezident qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) tashkil etildi.
Toshkent xalqaro arbitraj markazining asosiy vazifalari quyidagilar:
- turli davlatlarda joylashgan tijorat tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy investorlar o‘rtasida yuzaga keladigan shartnomaviy va boshqa fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, xususan, investitsiyalar, intellektual mulk va blokcheyn texnologiyalari bilan bog‘liq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishni tashkil etish;
- nizolarni xalqaro arbitraj va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullari orqali hal etish mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish;
- yetakchi xorijiy arbitrajlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal etish sohasida tajriba almashish, shuningdek, Markazda nizolarni hal etishga xorijiy arbitrlarni jalb qilish;
- xalqaro arbitraj, shu jumladan, investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni suddan tashqari hal etish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
- mahalliy va xorijiy xo‘jalik yurituvchi subyektlar, xususan, xorijiy investorlarga investitsiya bilan bog‘liq, shu jumladan, tomonlardan biri davlat bo‘lgan nizolarning vujudga kelishining oldini olish sohasida konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatish.