7 noyabr kuni “O'zavtosanoat” AJ binosida kompaniya rahbariyati va OAV vakillari ishtirokida GM Uzbekistan avtomobillarini onlayn rejimda harid qilish bo’yicha O’zbekistondagi birinchi internet va mobil platforma — “Uzavtosavdo” ni ishga tushirish mavzusiga bag’ishlangan press-brifing bo’lib o’tdi.

Bugundan boshlab O’zbekistonning har bir fuqarosi yoki mehmonlari uzavto.uz saytidan avtomobil xarid qilishlari, shuningdek Android va iOS mobil telefonlari uchun “Uzavtosavdo” mobil ilovasini yuklab olishlari mumkin.

“Dasturni ishga tushirish bilan vaziyat keskin o’zgaradi. Bugungi kunda bozor mijozlarning real ehtiyojlari asosida ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini, modelini va chizig’ini belgilaydi “, — deydi “O‘zavtosanoat” raisi o’rinbosari Umidjon Salimov.

Yangi ilova bilan avtomobil xaridi oson va tez amalga oshadi

Onlayn avtomobil xaridi uchun:

  • “Uzavtosavdo” ilovasini yuklab olish;
  • onlayn yo’riqnoma yordamida Yagona identifikatsiyalash tizimida (OneID) ro’yxatdan o’tish kerak.

Ro’yxatdan o’tilgandan so’ng ilovada dilerlarda mavjud avtomobillar ro’yxati ko’rinadi. Agar ro’yxatda kerakli avtomobil bo’lmasa buyurtma avtomat ravishda zavodga jo’natiladi. Buyurtmachi shartnoma raqami va avtomobilning individual VIN-raqamini oladi.

To’lov

Bank kartasi orqali tanlangan avtomobil qiymatining 3%i (avtomobil xarid qilishdan bosh tortilganda 3% to’lov qaytarilmaydi) va keyinchalik sms-xabarda eslatilgan qolgan summa to’lanadi.

Tanlangan avtomobil qiymatining 85% to’langanidan so’ng, qo’shimcha bonus sifatida avtomobilni uyga bepul yetkazib berish xizmatidan foydalanish mumkin bo’ladi.

Agar elektron imzoga ega bo’lsangiz, avtomobilni chet elda turib ham ilova orqali xarid qilishingiz mumkin.