Prezidentning “Baliqchilik sohasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.
Qarorga muvofiq, uzluksiz suv ta’minlash imkoniyati bo‘lgan sun’iy suv havza maydonlari mavjud bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklari bosqichma-bosqich intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.
Baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan 50 million $ miqdorida “Ipoteka bank” ATIBning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshirildi.
“Ipoteka bank” ATIB keyingi 5 yil davomida belgilangan tartibda Jamg‘armaning ulushini har yilgi sof foyda hisobidan aksiyalarning bozor qiymatida, lekin nominal qiymatidan past bo‘lmagan qiymatda sotib oladi.
Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya berish quyidagi tartibda o‘rnatildi:
- aylanma mablag‘larni to‘ldirishga tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 25%i miqdorida;
- naslli ona baliq va baliq uvildirig‘i, yopiq suv aylanma tizimi, qafas (sadok) qurilmalarida va boshqa intensiv usullarda baliq yetishtirishni tashkil etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlari va reproduktorlarni tashkil etish, hovuzlar qurish va qayta ta’mirlash, maxsus texnika va boshqa asosiy vositalarni xarid qilish hamda barpo etish uchun tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 50%i miqdorida.
Shuningdek, qarorga muvofiq, endilikda baliqchilik sohasida to‘liq tizimli ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan baliqchilik klasterlari tashkil etiladi. Klasterning yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lganda 2019 yil 1 yanvardan uch yil davomida barcha soliqlar va majburiy ajratmalardan ozod etiladi.
2021 yil 1 noyabrga qadar quyidagilar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi:
- naslli ona baliq, baliq uvildirig‘i, respublikada ishlab chiqarilmaydigan inkubatsiya, laboratoriya, intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq ovlash, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatish va saqlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna, anjom, mexanizmlar va ularning ehtiyot qismlari, muqobil energiya ta’minoti uskunalari, melioratsiya ishlari uchun maxsus texnikalar va tirik baliq tashuvchi transport vositalari;
- chet el tashkilotlari va ularning sho‘'ba korxonalari, firma do‘konlari, dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiriladigan omixta yem va mineral o‘g‘it (ammofos).