O‘zbekiston energetika sohasidagi zarar ko‘ruvchi tashkilotlarni imkon qadar kamaytirishga harakat qilmoqda. Bu Prezidentimizning farmoni bilan tasdiqlangan 2018 yil Davlat dasturida nazarda tutilgan. Bu esa davlat ulushi bor tashkilotlarning samaradorligini oshirish va sog‘lomlashtirish imkonini beradi.

Avvalroq, Spot elektr energiyani ishlab chiqarishda monopoliyaga barham berish rejalashtirilayotganini yozgan edi. Kanadaning SkyPower Global kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh energetikasi bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 1.3 milliard $ni tashkil etadi.

“O‘zbekiston muqobil energiya manbalarining istiqbollari” loyihasi rahbari, Germaniyaning “Quyosh energiyasi assotsiatsiyasi” a’zosi va “Aleksander Gumboldt” jamg‘armasi vakili Ravshan Xo‘janov energetika sohasida qanday muammolar mavjudligi va respublikamizda qurilayotgan AES loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ravshan Xo’janov

Buyuk Kelajak eksperti, “O‘zbekiston muqobil energiya manbalarining istiqbollari” loyihasi rahbari, Germaniyaning “Quyosh energiyasi assotsiatsiyasi” a’zosi va “Aleksander Gumboldt” jamg‘armasi vakili.


“O‘zbekenergo” muammolari va quvvat yetishmasligi

O‘zbekiston energetikasida bugungi kundagi vaziyat bir muncha og‘ir holatda. O‘rnatilgan quvvat qog‘ozda 12 GVtni tashkil etsa-da, amalda 10 GVt mavjud, bizga esa taxminan 15−20 GVt quvvat kerak.

Avvalambor, ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetib boradigan elektr energiya yo‘qotishlarining oldini olish zarur. Misol uchun, AQSH va G‘arbiy Yevropada bu yo‘qotishlar 5% ni tashkil etadi, bizda esa 20%.

Bunga sabab ba’zi bir texnologiyalar ma’nan eskirgan. Ularni zamonaviy tejamkor va samarador texnologiyalarga almashtirish kerak. Undan tashqari, aholining elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishini bartaraf etish, aholiga esa, o‘z navbatida, shirkatlar tarafidan sifatli va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish kerak.

O‘zbekistonda elektr energiyani ishlab chiqarish, uni sotish va iste’molining aniq bir mexanizmi, sohani rivojlantirish nizomi yo‘q. “O‘zbekenergo” esa yuqoridan keladigan buyruq va ko‘rsatmalarni bajaruvchi vazifasiga aylanib qoldi.

Albatta, O‘zbekistonning ba’zi hududlarida yuqori voltli uzatmalar yangilangan. Ammo bu ham tizimni qutqara olmaydi.

Shuningdek, bu sohada mutaxassislar yetishmovchiligini kuzatish mumkin. Sohada juda katta kadrlar aylanmasi mavjud. Kimda xorijga ketish imkoni bo‘lsa, chiqib ketmoqda. Yaxshi mutaxassislar O‘zbekistonda noyob holga aylanmoqda.

Germaniya tajribasi

Men Germaniyaning sharqiy qismida (sobiq GDRda) yashayman. Bu yerda IESlar sobiq sovet ittifoqidagi kabi bo‘lgan va davlatga tegishli bo‘lgan. Ular bu IESlarni yangidan qayta qurib, yuqori samaradorlikka erishishgan. Bizda esa 50 yil oldin qurilgan o‘sha IESlar hamon zo‘r-bazo‘r ishlamoqda.

Germaniya aholisi 83 mln.ni tashkil etadi. Elektr stansiyalarning umumiy o‘rnatilgan quvvati 110 GVt, IESning ulushi 47%, AES — 13,1%, GES — 3,8% va muqobil energiyalar ulushi 34,4%ni tashkil etadi. Germaniya o‘zining neft va gaz zahiralariga ega emas. Shu tufayli ko‘mir ular uchun energiya ishlab chiqarishning asosiy manbasi hisoblanadi.

Germaniyada gaz-bug‘ turbinali texnologiyalar ham juda rivojlangan va foydali ish koeffitsiyenti 55−60%ni tashkil etadi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, gazning narxi elektr energiyasi narxidan oshib ketmoqda. Chunki ular gazni Rossiyadan sotib olishadi. Biz esa Rossiyaga sotamiz. Shu sababli Germaniya hukumati bunday tafovutning oldini olish uchun muqobil energiyani yanada rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ularda elektr energetikasi sohasi bizdagi kabi bitta tashkilot qo‘lida emas. Asosiy qismi xususiy kompaniyalar ixtiyorida, katta sanoat korxonalari esa ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib oladi. Aholi esa, o‘z navbatida uncha katta bo‘lmagan xususiy firmalardan sotib oladi. Undan tashqari, elektr energiya tariflari ko‘p. Biznikidan farqli o‘laroq, bu tariflar aholining keng qatlamiga mo‘ljallangan.

Germaniyada energiya bozori bo‘linib ketgan va unda taxminan 900 ta ishtirokchi bor. Ammo oxirgi paytlarda yirik korporatsiyalar va kompaniyalarning kengayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Masalan, ayni vaqtda Germaniyada 8 ta energetika kompaniyasidan 2tasi, ya’ni Viad va Veva kompaniyalarning birlashuvi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu — oddiy holat, chunki iqtisodning boshqa jabhalarida ham buni yaqqol ko‘rish mumkin.

Yana shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, “O‘zbekenergo” uchun aholidan elektr iste’moli uchun pulni yig‘ish qiyinchilik bilan amalga oshirilmoqda, Germaniyada esa bu ish avtomatlashtirilgan. Masalan, besh kishilik oila uchun taxminan 6000 kVt elektr energiyaga ehtiyoji bo‘lsa, ular uchun 15%gacha chegirma va 300 yevrogacha bonuslar taklif etiladi.

Germaniyada elektr energiya iste’molining taxminiy yillik byudjeti:

Yillik iste’mol

Xo‘jalikdagi odamlar soni

Yillik xarajat

2000 kWh

1

~500 EUR



Elektr energiya iste’molini CHECK24 sayti orqali narxlarni taxminan baholash va elektr energiyani sotishning optimal tarifini aniqlash mumkin.

“O‘zbekenergo” aktivlarini xususiylashtirish qisqa muddatli istiqbol uchun biroz samarali bo‘lishi mumkin, ammo uzoq muddatli istiqbol uchun bu yechim emas

Elektr energiya sohasini yaxshilash uchun “O‘zbekenergo"ga vazirlik darajasidagi vakolatlar berilishi zarur. Misol uchun elektr energiya narxi bo‘yicha Moliya vazirligi, modernizatsiya bo‘yicha turli loyihalarga esa Vazirlar Mahkamasi qaror beradi. “O‘zbekenergo” DAKning vakolatlari hozirda chegaralangan.

Har bir ishning o‘z egasi bajarishi lozim bo‘lganidek, “O‘zbekenergo"ni ham o‘z egalariga berish zarur. Muhimi, shunday tizim yaratish kerakki, korrupsiyadan va ortiqcha byurokratiyadan holi bo‘lish kerak. Soha mutaxassislari o‘z tashkilotida har qanday ishni mustaqil hal qilishi kerak. Bizda yuqoridan biron bir ko‘rsatma keldimi, to‘g‘rimi-yo‘qmi, uni bajarish shart, degan tushuncha o‘tirib qolgan bizda. Yuqoridan javobni kutib, vaqt yo‘qotish amaliyotidan voz kechish lozim.

“O‘zbekenergo” nimani sotish, nimani ta’mir qilish va hokazolarni o‘zi hal qilishi kerak. Chunki energiya tizimida biron bir texnik falokat ro‘y bersa, bunga “O‘zbekenergo” javob beradi. Demakki, qarorni ham o‘zi berishi kerak. Bizda esa elektr energiyasi yo‘nalishida qarorni boshqa birov beradi, javobgar esa “O‘zbekenergo"ning o‘zi bo‘ladi. Buyruq va ko‘rsatma bergan boshqa tashkilot esa suvdan quruq chiqadi. Bundan tashqari, aholi ham yangi texnologiya va tizimlarga moslashishi kerak.

Energetika sohasiga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar ko‘p, ammo ularga o‘z sarmoyasini qonunan himoya qila oladigan kafolat kerak. Germaniya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlar sarmoyadorlari “O‘zbekenergo” hozirda taklif qilayotgan narxga rozi emaslar.

Muqobil energiya va yashil narx-tarif

Aholi uchun muqobil energiyadan foydalanishning samarali mexanizmini yaratish mumkin. Buning uchun yashil narx-tarif qonunini amalga kiritish kerak, bu eng foydali va samarali vosita hisoblanadi.

Bu muqobil energiyadan foydalanib, elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunday holda aholining o‘z uylarida quyosh panellari va shamol generatorlarini o‘rnatib, elektr energiyasi ishlab chiqarishga moyilligi oshadi. O‘z ehtiyojidan ortgan elektr energiyani esa sotish mumkin bo‘ladi.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, elektr energiyani 100% muqobil energiyadan ishlab chiqarish elektr tizimidagi kuchlanishning oshishiga olib keladi. Asosan gaz yoqilg‘isidan foydalanadigan IESlarimizning ish samaradorligi 34%ni tashkil etadi.

Agar ko‘mirdan foydalansa, stansiyaning foydali ish koeffitsiyentini 45%gacha ko‘tarish mumkin, ammo mahalliy ko‘mirimiz tarkibida namlik darajasi yuqori va kuli ko‘p. Mazkur ko‘mirga mos keladigan yangi texnologiyani joriy qilish va samaradorligini oshirish kerak. Germaniyada ko‘mirdan foydalanadigan IESlarning samaradorligi 40% dan ortiq.

Germaniya o‘z ko‘miriga ega bo‘lishiga qaramay, Avstraliyadan sotib oladi. Chunki qazib olishdan ko‘ra Avstraliyadan olib kelish ular uchun arzonga tushadi. Undan tashqari, atrof-muhit muhofazasi ular uchun muhim omil hisoblanadi.
Albatta, “O‘zbekenergo” bu ishlarni baholi qudrat oshirishga harakat qilmoqda, lekin hammasi ham o‘ylaganchalik yoki rejadagidek bo‘lmayapti.

2010 yil men energiya resurslarni tejash uchun respublikamizdagi IESlarga quyosh issiqlik texnologiyasini tadbiq qilish loyihasini taklif etgandim. “O‘zbekenergo"da ushbu taklifimni qimmat deya rad etishdi. Yoqilg‘ini tejash davlatimiz siyosatining asosiy mezonlaridan biri-ku, degan gapimga, gaz o‘rniga ko‘mirni keng miqyosda tadbiq etamiz, deya javob berishdi. Oradan mana 8 yil o‘tdi hamki, ko‘mir hanuzgacha o‘sha bitta Yangi Angren IESida ishlatib kelinmoqda. Boshqa ko‘mir stansiyasini qurishmadi.

Germaniyaning yangi energetika strategiyasiga muvofiq, muqobil energiya manbalaridan olinadigan elektr energiyasi ulushini 2030 yilgacha 50%ga, 2050 yilgacha esa 60% ga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Shu tarzda Germaniya qarshisidagi vazifalar Germaniya siyosatining elektr energiyasini ishlab chiqarishda texnologik asosidagi funtdamental o‘zgarishlarga qaratilganligi va kelajakda butun mamlakat elektr energiya ta’minotini so‘zsiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali amalga oshirishini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda Germaniyaning yoqilg‘i-energetika balansi asosan an’anaviy energiya manbalaridan iborat bo‘lib, bu 80%dan oshiqni tashkil etadi. Elektr energiyasining deyarli 90%i import qilinadigan energiya manbalaridan — uran, tabiiy gaz, toshko‘mir va neftdan olinadi, xususan ulardan 55,6%i import qilinadi.

2017 yil aprel oyining so‘nggi dam olish kunlarida Germaniyada 85% elektr energiyasi muqobil energiyadan, chunonchi, quyosh, biogaz, shamol va gidroelektrstansiyalardan olindi. Yangi rekord, birinchi navbatda, “yashil” elektr stansiyalarning miqdori doimiy ravishda oshib borishi tufayli o‘rnatildi. Ikkinchidan, mamlakat bo‘ylab, aprel oyining oxirlarida havoning ochiq va quyoshli kelganligi sababdir.

Mart oyining dam olish kunlarida esa ko‘pchilik ko‘mir elektr stansiyalari deyarli ishlamadi (ular asta-sekin ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda). AESning ham elektr energiya ishlab chiqarishi pasaydi. Zotan, bu AESlar 2022 yilning oxirigacha batamom yopilishi rejalashtirilgan.

Yangi rekord haqiqatan kuchli ko‘rsatkich va muqobil energiyani boshqa energiya turlariga ibratdir. Germaniya kuchli sanoat majmuasiga ega bo‘lgan yirik mamlakatdir. Agar 85% elektr energiya muqobil energiya manbalaridan olingan bo‘lsa, u holda “yashil” energiyaga o‘tish juda ham muvaffaqiyatli kechmoqda. Germaniyaning o‘z oldiga qo‘ygan strategiyasi o‘zini oqlamoqda.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, o‘tgan yilning mart oyida mamlakatda iste’mol qilingan energiyaning 40%i muqobil energiyadan olingan. 2015 yil AQSHda bu ko‘rsatkich 16,9%ni tashkil etgan va so‘nggi ikki yil ichida katta miqyosda o‘zgarmagan, desa ham bo‘ladi.

2015 yil Germaniyada muqobil energiya ulushi 33%ni tashkil etgan edi. Hukumat bu ko‘rsatkichni 2050 yilda 100% ga yetkazishga umid qilmoqda. Boshqa davlatlarda ham yashil energiya bozori vaziyati chakki emas. Masalan, Daniyada muqobil energiya manbalari keragidan ortiq elektr energiyasi bermoqda. Natijada, boshqa davlatlarga elektr energiyani sotishiga to‘g‘ri kelmoqda. Kosta Rikada esa 99% ulush muqobil energiya manbalariga to‘g‘ri keladi, ishonish qiyin bo‘lgan raqamlar, shunday emasmi.

Atom elektr stansiya haqida mulohazalar va tahlillar

O‘zbekistonda AESni qurish jiddiy va siyosiy masala. Uni atroflicha o‘rganish va tahlil etish kerak. Barchamizga ma’lumki, hukumatimiz Rossiyaning Rosatomi bilan Navoiy viloyatida 2ta blokdan tashkil topgan AES qurish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bizga hali bu kelishuvning shartlari aniq emas. Shuning uchun, oldindan salbiy yoki ijobiy baho berishga erta. Mutaxassis sifatida bizning vazifamiz vatanimizda joriy etilayotgan har qanday loyihaga xolis baho berish va o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat.

Energiya manbasi

Shamol

Muqobil energiya

Quyosh (fotovoltayk)

Muqobil energiya

GES

Muqobil energiya

Аtom

Nomuqobil energiya

Chiqindilarni qayta ishlash

Sanoat chiqindilari yo‘q

Sanoat chiqindilari yo‘q

Sanoat chiqindilari yo‘q

Uran chiqindilarini qayta ishlash jarayoni juda qimmat. O‘zbekiston sharoitida texnologiyani taqdim etuvchiga qaramdir, chunki O‘zbekistonda IAAE talablariga javob beradigan omborxonalar yo‘q

Demontaj xarajatlari


Demontaj uchun ketadigan o‘rtacha vaqti

50 — 100 ming AQSH dollar/ tegirmon = 4% CAPEX


4−5 oy

Panellarning 90%i qayta ishlanib, ikkilamchi xomashyo sifatida yana ishlatiladi

GESni to‘liq demontaj qilish amalda tez uchraydigan holat emas. Demontaj xarajatlarini odatda sarmoyador ko‘taradi

15% — 20% CAPEX



12 — 20 yil / blok

Malakali kadrlarni o‘qitish va tayyorlash muddati

Bakalavr + 6 oylik maxsus o‘qitish kursi

Bakalavr va 1 oylik o‘qitish kursi

Maxsus o‘qitish 1 yildan 5 yilgacha. Bu GESning kattaligi va ish turiga bog‘liq

Maxsus o‘qitish 1 yildan 5 yilgacha davom etadi. Bunda ish prinsipi va turiga bog‘liq. Ba’zi muhim joylarda mutaxassislarni uzoq muddatli amaliy ishlarsiz AESga qo‘yib bo‘lmaydi. Bu esa uzoq muddat davomida AESga xizmat ko‘rsatish texnologiyani olib kirgan va tadbiq qilgan taraf nazorati ostida bo‘lishga olib keladi.

Ehtimolligi bor xavf-xatarlar

1. Qattiq shamol bo‘lganda avtostop mexanizmining ishlamay qolishi sababidan shamol turbinasining qulab tushishi.

2. Shamol parklariga ornitologlar ko‘pgina yovvoyi qushlar o‘lishi va ularning ba’zi turlari qirilib ketadi deya qarshi chiqishadi.

1. Atrom-muhit ta’siri ostida quyosh panellari zanglaydi va qismlar oksidlanishiga olib kelishi mumkin.

2. Kamdan-kam hollarda invertorlarda yong‘in chiqishi mumkin — qizib ketadigan joylarda.

Bu xavf-xatar nisbatan oson yechiladi va sezilarli darajada katta mablag‘ talab etmaydi

Suv bosimi manbaini qurish har doim GES atrofidagi mikroiqlimga ma’lum darajada ta’sir qiladi

Strategik ob’ektlarga terroristik hujum, shuningdek, kimyoviy qurol ishlab chiqarish maqsadi.

Kichik bir falokat va radiatsiyaning xavfli uchquni AESda ko‘proq sodir bo‘ladi. Oxirgi 50 yilda 7 ta katta falokat turli mamlakatlarda sodir bo‘ldi. Oqibatda tinch aholi halok bo‘ldi. Katta hududlar esa yashash uchun noloyiq deya yopildi.


Germaniya hukumati atom energetikasi ulushini kamaytirish va muqobil elektr energiya darajasini oshirish uchun juda katta kuch sarflagan. 90 yillarda Germaniya Yevropa davlatlari ichida eng qimmat elektr energiyaga ega edi. Ammo keyingi yillarda narx 30−35%gacha tushdi. Elektr energiyasi narxining juda yuqori bo‘lishiga sabab maxsus soliqlarning ko‘pligiga bog‘liq, masalan, mahalliy ko‘mir sanoatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan strategiyalar shular jumlasiga kiradi.

Shu bilan birga, GFRning yoqilg‘i-energetika majmuasi an’anaviy resurslarga bog‘liqligiga qaramasdan, ko‘pchilik nemis fuqarolari qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Nemis aholisi tinch atomni rivojlantirish bo‘yicha mavjud dasturlardan voz kechishga tayyor. Boz ustiga, Germaniya aholisining 33%igina atom energetikasini yoqlab chiqishmoqda. Germaniya fuqarolik jamiyatining bunday faolligining sababi, mamlakat uchun AESdan foydalanish foydadan ko‘ra ko‘prok katta xavf-xatar va yomon oqibatlarga olib keladi, degan yakdil fikrga ega ekanligidadir.

Atom energiyasini rivojlanishiga qarshilar quyidagi sabablarni ro‘kach qiladilar:

  • butun dunyoda yuqori darajadagi radioaktiv chiqindilarni ishonchli saqlash va yo‘qotishning hal qilinmaganlik muammosi;
  • yadroviy chiqindilarni utilizatsiya qilish, AESlarni yopish va uni ekspluatatsiya darajasida ushlab turishning iqtisodiy besamarligi;
  • uran zahiralari cheklanganligi va yadro yoqilg‘isi narxlarining oshayotganligi;
  • qimmat AESlarni uzoq muddatli ekspluatatsiya qilinish ehtiyoji elektr energiyani ishlab chiqarish tizimini uzoq muddat saqlab qolishga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga izchil o‘tishga to‘sqinlik qiladi;
  • AESlarning xavfsizligiga shubha ostida qarash terroristik hujumlarga nisbatan befarqlik mavjud, degan fikrlarni yuzaga chiqishiga sabab bo‘ladi.

Shunday qilib, bugungi kunda Germaniyada qayta tiklanuvchi energiya manabalari an’anaviy energiyaga, shu jumladan, tinch atomlardan foydalanishga muqobil tarzda xizmat qiladi, bu maqsad Yevropa Ittifoqi strategiyasida ham, Germaniya energetika konsepsiyasida xam belgilab qo‘yilgan.

Biroq, dalillar shuni ko‘rsatib turibdiki, qisqa vaqt ichida, hatto Germaniyada ham atom ob’ektlarini quyidagi ob’ektiv vaziyatlarda almashtirish imkonsizdir:

  • hozirgi kunda energiya manbalaridan olingan elektr energiyasining asosiy qiymati an’anaviy manbalar tomonidan ishlab chiqarilgan energiya narxlaridan sezilarli darajada oshadi;
  • muqobil energiya manbalar orqali ishlab chiqarish barqaror emas, ya’ni, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ob-havo o‘zgarishlariga, shamol, quyosh va suvning mavjudligiga bog‘liq. Misol uchun, shamol tegirmonlarining quvvatini ishlatish soatlari yadro yoqilg‘isini ishlatish soatlaridan ancha past.

Shunga qaramay, Germaniyaning hozirgi energetika siyosati tahlilidan quyidagicha xulosa yasaladi: AESdan foydalanish GFRning iqlim muhofazasi bo‘yicha yetakchi mavqega ega bo‘lib, yadro texnologiyasidan foydalanishni ma’lum muddatga uzaytiradi.

Shu bilan birga AESlar Germaniyaning muqobil energiya manbalariga o‘tishi uchun “ko‘prik” sifatida xizmat qiladi va kelajakda Yevropa mamlakatlari AESlardan foydalanishdan voz kechadi. Biz uchun ham, bizga AESni taklif qilayotgan Rossiya uchun ham Yevropa Ittifoqida yetakchi mamlakat bo‘lgan Germaniya tajribasidan o‘rganish juda foydali bo‘lardi.

O‘zbekistonda atom elektr stansiyalarni qurish uchun yechilishi kerak bo‘lgan ba’zi masalalar bor. Masalan, AESni ishga tushirish 10 yildan keyinga rejalashtirilgan, ammo bu pulga muqobil taklif qilish va quyosh panellari yoki shamol tegirmonlarini qurish mumkin.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, Chernobil va Fukushima halokatlarini unutmaslik kerak. Shuni hisobga olish kerakki, manaman degan Yaponiya davlati ham bu muammoni mustaqil bartaraf eta olmadi. Atom energetikasi sohasida malakali mutaxassislarimiz yo‘qligini unutmasligimiz kerak, bori ham kam sonli nazariyotchilar va 10 MVtgacha bo‘lgan AES mutaxassislaridir.

AESdan foydalanishda misol tariqasida Yevropani keltirishadi, ya’ni Fransiya elektr energiyasining 75%ini AESdan oladi. Ammo bu haqda bong uradiganlarga aytgim keladi: ey, baraka topgurlar, ularda 30−50 yillik AES bo‘yicha tajriba va malaka bor, bizning hozirgi holatimizni ularniki bilan solishtirish unchalik ham to‘g‘ri emas.

AESni qurish juda qimmat va yadro chiqindilarini olib chiqib ketish tekinga bo‘lmasligini ham unutmasligimiz kerak. Bularning barchasi xalq boshiga tushadi.

Shuningdek, 2035 yilda atom elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiya ulushi 50% ni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Mamlakatimiz miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘p emas. Hozirda Yevropaning barcha davlatlari AESdan bosqichma-bosqich voz kechishmoqda, AES ular uchun 20−50 yil muqaddam dolzarb edi.

10 yil ichida malakali kadrlarni amaliy tajribasiz yetishtirish amrimahol. Buning uchun atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarni O‘zbekistondan AESlarni ekspluatatsiya qilish borasida katta tajribaga ega bo‘lgan mamlakatlarga shartnoma asosida ishga jo‘natish kerak, chunonchi, Germaniya, Fransiya va Chexiyalar shular jumlasidandir. Yoki ularni MAGATE yo‘nalishida o‘qitish kerak. Ammo 10 yil ichida hamma narsa o‘zgarishi mumkin, mana, masalan, Samarkand quyosh stansiyasi qurilishi ham to‘xtatilgan.

Menimcha, O‘zbekiston energetikasida ko‘plab ijobiy va samarali, har tomonlama manfaatli ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi, masalan, qish oylarida Qirg‘iziston va Tojikistondan elektr energiyasi sotib olish kerak va aksincha, yoz oylarida ularga sotish kerak.

Hozirda hukumatimiz mazkur qo‘shni davlatlar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatib, barcha muammolarni ikki taraflama manfaatli tarzda ijobiy hal qilib, xalqlar manfaati uchun xizmat qiladigan ishlarni amalga oshirishdi va oshirishmoqda. O‘zaro manfaatli hamkorlik butun mintaqadagi energetika sohasini rivojlantirishga yordam beradi. Toshkentda O‘rta Osiyo energetika tizimining yagona dispetcherlik boshqaruvi hali ham borligini unutmaslik joiz.

Muallifning fikri tahririyat fikrini aks ettirmaydi.