“Oʻzbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “Soliq siyosatidagi oʻzgarishlar” mavzuidagi koʻrsatuvda 2019 yil 1 yanvaridan joriy etilayotgan soliq solishning soddalashtirilgan tartiblari davlat byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishga, soliq qonunchiligini soddalashtirishga qaratilgani taʼkidlandi, deb yozadi Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati.
Koʻrsatuvda ekspert sifatida Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Odiljon Iminov, Davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Erkin Gadoyev, Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Oʻtkir Boʻtayev ishtirok etdi.
Taʼkidlanishicha, 2019 yil 1 yanvaridan soliq islohotlari konsepsiyasiga muvofiq, jismoniy shaxslar daromadini soliqqa tortishni takomillashtirish maqsadida barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasi 12% miqdorida joriy etilmoqda.
“Ilgari, aholi daromadlari toʻrt pogʻonali shkala bilan soliqqa tortilar edi. Bu tadbir „konvert“ asosida ish haqi toʻlashdan voz kechish orqali, tadbirkorlik subyektlarining xodimlar soni va ish haqi fondini qonuniylashtirilishini ragʻbatlantirsa, ikkinchi tomondan iqtisodiyotda jamgʻarish ulushini koʻpaytiradi”, deyiladi xabarda.
Mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasiga soliq yukini kamaytirishning yana bir tadbirlaridan biri, bu — yagona ijtimoiy toʻlov stavkalarining 25%dan 12%gacha kamaytirilishi boʻldi, bunda byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50%dan yuqori tashkilotlar uchun tatbiq qilinmaydi. Natijada soliq toʻlovchilar ixtiyorida qoladigan mablagʻlar 2,9 trln. soʻmni tashkil qiladi.
Fuqarolarning mehnatga haq toʻlash turidagi daromadlaridan fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini (stavkasi 8%) bekor qilinadi.
Foyda soligʻi toʻlovchilarga soliq yukini kamaytirish, investitsiyalar miqdorini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
- tijorat banklari uchun foyda soligʻi stavkasi 22% dan 20% gacha;
- korxona va tashkilotlar uchun — 14% dan 12% gacha;
- dividend va foiz koʻrinishidagi daromadlar uchun — 10% dan 5% gacha kamaytiriladi.
Bu esa soliq toʻlovchilar ixtiyorida 582 mlrd. soʻm qoldirish imkonini beradi.
Soliq solishning soddalashtirilgan rejimidagi soliq toʻlovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 5%dan 2%gacha pasaytirilmoqda.
Yillik aylanmasi 1 mlrd. soʻmgacha boʻlgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkasi 5%dan 4%gacha kamaytirilmoqda. Yaʼni haqiqatan ham kichik korxona boʻlgan toʻlovchilar uchun bir yillik soliq toʻlovi summasi 10 mln. soʻmgacha kamayishi mumkin.
Yillik aylanmasi 100 mln. soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalari 13−40%ga kamaytiriladi. Yillik aylanmasi 100 mln. soʻmdan yuqori va 1 mlrd. soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga aylanmadan 4% lik stavkada soliq toʻlashga oʻtkazish yoʻli bilan qatʼiy belgilangan soliq bekor qilinadi.
2019 yil 1 yanvardan boshlab, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik aylanmasi (tushumi) 1 mlrd. soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkaziladi.
Shuningdek, endilikda har bir tuman (shahar)dagi korxonalar vakillari Davlat soliq inspeksiyasiga taklif etilib, malakali mutaxassislar tomonidan maxsus oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Shuningdek, “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi masʼul xodimlari buxgalterlari mavjud boʻlmagan xoʻjalik subyektlariga elektron hisobvaraq-fakturalarini yuritish qoidalarini oʻrgatadi.