Shu yilning dekabr oyidan internet tezligi 10 barobarga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda O’zA xabar berdi.
O‘tgan yili Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida kelgusi yilda internet tezligi 2,5 barobarga oshirilishi haqida aytilgan.
Joriy yilning yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev dekabr oyidan boshlab O‘zbekistondagi xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanligi oshirilishi lozimligi haqida gapirib o‘tgan.
Shuningdek, prezident sentyabr oyidagi yig’ilishda IT sohasidagi muammolarni bartaraf etish vazifasini berdi. Xususan, internet tarmog‘iga ulanish tezligini oshirish, aloqa tarmoqlarini to‘liq optik tolaga almashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
“O‘zbektelekom” AK mas’ul xodimi Yunus Kamolov ta’kidlashicha, shu yilning 1 dekabr sanasidan O‘zbekistonda internet tezligi aynan Prezident aytganidek, 10 barobarga oshiriladi. Hozirda texnik ishlar yakuniga yetkazilmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalarda internet 10 barobarga tezlashishi qayd etilgan.
Ilgari Spot Prezident 2019−2021 yillarda O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasi haqidagi hujjatni imzolagani haqida xabar bergan edi. Hujjatga ko’ra, fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferi, infratuzilma va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimi rivojlantiriladi.