O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasining markaziy binosida “O‘zRTXB” AJ rahbariyati va “Belorussiya universal tovar birjasi” vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xabarga ko’ra, uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad “BUTB” OAJ bazasida “O‘zRTXB” AJning elektron savdo maydonchasining ochilishi yuzasidan muhokama o‘tkazish edi. Ayni paytda sinov loyihasi sifatida Belorussiya birjasining “Latemgrupp” MCHJ brokerini O‘zRTXB da akkreditatsiyadan o‘tkazildi, shuningdek, O‘zRTXB ning brokeri — “Global Trade Group” MCHJni Belorussiya birjasida akkreditatsiyadan o‘tkazish yakunlanmoqda.

“O‘zRTXB” AJ Boshqaruv raisi Faroxiddin Ibragimov ta’kidlaganidek, Minsk shahrija elektron savdo maydonchasining ochilishi quyidagilarga xizmat qiladi:

  • Qishloq xo‘jaligi, tekstil va Belorussiya bozorida talab yuqori bo‘lgan boshqa o‘zbek mahsulotlarining ulgurji savdosini tashkillashtirish sohasida davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantiradi;
  • Belarus Respublikasi tovar ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekiston bozorida, jumladan, birjaning birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolari, qolaversa, davlat va korporativ xaridlar tizimida ishtirok etishini tizimli ravishda tartibga solish;
  • Birja savdolari orqali tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish.

“Mazkur maydoncha O‘zbekistonga sanoat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdan manfaatdor bo‘lgan Belorussiya kompaniyalari uchun O‘zRTXBning birja savdolarida erkin ishtirok etish nuqtasiga aylanadi”, deyiladi xabarda.

O‘z navbatida O‘zbekistonning tadbirkorlik sub’ektlari ham o‘z mahsulotlarini Belorussiya bozorida sotish uchun birja mexanizmidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Xususan, birja orqali paxta tolasi va momig‘i, quruq mevalarni sotish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda.