6 dekabr kuni “Majburiy mehnat to‘g‘risida"gi hamda “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida"gi konventsiyalarining ijro etilishi holatini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda muhokama qilingan masala yuzasidan Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasining qo‘shma qarori qabul qilindi.
Xabarga ko’ra, majburiy mehnatning har qanday shakllarini o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berish maqsadida davlat organlarida qayta aloqa mexanizmlarining zamonaviy usullari joriy etilgan.
“Agar ilgari paxta yig‘im terimi majburiy mehnatdan foydalanishning turli shakllari namoyon bo‘ladigan jarayon sifatida qayd etilgan bo‘lsa, endilikda, aksincha, bu mavsum fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning mehnat huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ishga layoqatli aholining bandligini ta’minlash va fuqarolar daromadlarini oshirishning manbaiga aylanmoqda”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bu borada joylarda terimchilarning moddiy manfaatdorligini ta’minlash hamda paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarning moliyaviy holatini yanada mustahkamlash choralari ko‘rilgan. Paxta xom ashyosining qo‘lda terilgan bir kilogrammi uchun 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha, ish kuchi yetishmaydigan hududlarda, xususan Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida hamda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining ayrim tumanlarida 1300 so‘mgacha mehnat haqi to‘langan.
Yoshlar ittifoqi tomonidan paxta yig‘im-terimida uyushmagan yoshlarni vaqtinchalik mehnat bilan band qilish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 190 ta “Fidoyi yoshlar otryadi” tashkil etilib, 32568 nafar terimchi jalb qilingan. Mavsumiy ishlarga jalb etilgan 28 552 nafar yigit-qizning vaqtinchalik faoliyati mehnat staji sifatida inobatga olinib, huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan.
Sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan mansab lavozimidan qat’i nazar qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi. Xususan, 169 nafar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kompleksi bo‘yicha sektor rahbari (tuman va shahar hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari) intizomiy javobgarlikka tortilgan, ularning 30 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Ilgari Spot AQSh Mehnat vazirligining bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakli bo‘yicha xulosalar jamlangan 17-yillik hisobotida O‘zbekiston birinchi marta mo‘'tadil o‘sishga erishgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgani haqida xabar bergan edi.