Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Biss electronics system” MCHJda televizorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” AK matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Xabarga ko’ra, “Biss electronics system” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 2 mlrd.so‘mlik bo‘lgan loyiha doirasida televizorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va buning natijasida 40 ga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.

“Mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish, „O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan“ brendi ostida eksportbop mahsulotlarni tayyorlash, eng avvalo ichki bozor talablarini qondirish maqsadida „O‘zeltexsanoat“ aksiyadorlik kompaniyasi va „Biss electronics system“ MCHJ tomonidan shu kunga qadar 8000 dona televizor ishlab chiqarildi” deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, korxona yiliga 25 ming dona televizor ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlar ichki bozor talabini qondirishdan tashqari kelajakda eksportga yo‘naltirilishi mumkin.