Prezident “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.
Qarorga muvofiq, 2019 yilning 1 dekabriga qadar alkogol va tamaki mahsulotlar iste’molini cheklash bo‘yicha, quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi:
- alkogol mahsuloti idishining yorlig‘ida hamda tamaki mahsulotining qutisida (o‘rovida) tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish uchun asosiy maydon o‘lchamini kengaytirish;
- tamaki mahsuloti qutisida (o‘rovida) matnli yozuv va rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish;
- alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boruvchi organlarni hamda shunday nazoratni olib borishning mexanizmlarini aniqlashtirish;
- jamoat joylari va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlar iste’moli uchun javobgarlikni kuchaytirish;
- jamoat joylarda va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini cheklash maqsadida vakolatli shaxslar tomonidan (korxona, tashkilot, muassasalarning ma’muriyatlari, shu jumladan, jamoat joylarida joylashgan inshoot, bino (imorat), boshqa ob’ektlar hamda transport vositalarining egalari) choralar ko‘rilmagani uchun javobgarlikni belgilash.
Shuningdek, Sog’liqni saqlash vazirligiga tarkibida yog‘lar, tuz va qand miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash), sotish va iste’molini cheklash bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.