O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan “Fergana-bookland” nomi ostida viloyat bo‘ylab tizimli elektron kutubxonalar tashkil etilmoqda, deb xabar beradi O’zA.

Viloyat axborot-kutubxona markazi yaqinda Farg‘ona xalqaro aeroporti, “Marg‘ilon” temir yo‘l vokzalida, Farg‘ona shahridagi avtobus bekatlarida o‘zbek zamonaviy va mumtoz adabiyoti, jahon adabiyotiga mansub elektron kitoblar maxsus tablolarga joylashtirildi.

Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda tayyorlangan ushbu loyihada 200 dan ziyod elektron kitoblar va kutubxonaning saytida joylashtirilgan to‘liq elektron bazasiga kirish imkoniyati yaratilgan.

“Kitob o‘rnini bosuvchi turli elektron manbalardan foydalanish ham urf bo‘ldi. Albatta, buning o‘ziga xos qulayliklari mavjud. Hozir yoshlarimizning, umuman aholining juda ko‘pchiligi zamonaviy uyali telefonlar, netbuklar, planshetlar bilan yuradi va biz ularga taqdim etayotgan elektron kitoblar, audio hikoyalar ularga qulayliklar yaratish bilan birga vaqtlari va naqdlarini tejaydi. Istagan vaqtda undan foydalanish mumkin”, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ahadjon Akbarov.

Ta’kidlanishicha, hozirda Farg‘ona shahriga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun 10 ta xorijiy tildagi so‘zlashgichlar, viloyatning tarixiy va turistik maskanlari haqida batafsil ma’lumotlar, viloyat xaritasining elektron ko‘rinishini joylashtirish ustida ish olib borilmoqda.