Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar ro’yxatiga o’zgartirishlar kiritildi. Bu haqda “Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunda keltirilgan.
Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar quyidagilardir:
- soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan yuridik shaxslar;
- oddiy shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan (ishonchli shaxs) sherik (ishtirokchi) — soliq davrida oddiy shirkat faoliyatidan olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkor;
- soliq davrida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi belgilangan miqdordan oshgan, lekin bir milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, bundan ushbu moddaning 4-bandida ko‘rsatilganlar mustasno;
- soliq davrida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan:
- meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshiruvchi;
- Elektron tijorat sub’ektlarining milliy reyestriga kiritilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
- soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan oilaviy korxonalar;
- notijorat tashkilotlar daromadlarining soliq davrida tadbirkorlik faoliyatidan olingan qismi bo‘yicha, soliq davrida tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari bir milliard so‘mdan oshmasligi sharti bilan.
Vositachilik, topshiriq shartnomasi bo‘yicha hamda vositachilik xizmatlari ko‘rsatishga oid boshqa shartnomalar bo‘yicha vositachilik xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar yillik aylanmaning (tushumning) belgilangan chegaraviy miqdorini tovar aylanmasidan (bitim summalaridan) kelib chiqqan holda hisoblab chiqaradi.
Yagona soliq to‘lovi:
- aksiz solig‘i to‘lanadigan mahsulot ishlab chiqarishni va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi;
- aksiz solig‘iga tortiladigan mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatuvchi;
- mahsulot taqsimotiga oid bitimlarning ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.