O‘tgan yilda «Innovatsion g‘oyalar yetakchisi» ko‘krak nishoni ta’sis etilgan bo‘lib, u innovatsion g‘oya va texnologiyalarni rivojlantirish va ularni amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shgan yosh olimlar va talabalar hamda tashabbuskor fuqarolarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish va erishgan yutuqlarini munosib taqdirlash maqsadida beriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid dastlabki takliflar davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan har yili 1 apreldan 30 aprelgacha tuman (shahar) hokimliklarida tuzilgan komissiyaga taqdim etiladi.
Ushbu komissiyalar takliflarni o‘rganib chiqib, ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga nomzodlar bo‘yicha tavsiyalarni har yili 1 iyungacha tegishlicha hokimliklarga taqdim etadi.
Taqdirlanishga tavsiya etilgan oliy ta’lim muassasalari talabalarining hujjatlari oliy ta’lim muassasasida tuzilgan komissiyalar tomonidan o‘rganib chiqilib, OTM ilmiy kengashining tegishli qarori bilan tasdiqlanadi va taqdirlash bo‘yicha tavsiyalar har yili 1 iyungacha oliy ta’lim muassasasi rektorining yo‘llanma xati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishlicha hokimliklarga taqdim etiladi.
Har yili 1 iyulgacha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan qo‘shma komissiya tashkil etiladi. Unda ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya qilingan nomzodlar bo‘yicha hujjatlar ko‘rib chiqiladi va har yili 31 avgustgacha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
Ko‘krak nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida har yili 15 sentyabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining qo‘shma qarori qabul qilinadi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining yigirma baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Ko‘krak nishoni va mukofot har yili oktabr oyida o‘tkaziladigan Innovatsion g‘oyalar haftaligi — «InnoWeek» doirasida O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.