O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Tilanchilik
Qonunga muvofiq, endilikda jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazoga tortiladi, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazoga tortiladi, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Energetik ichimliklar
Energetik ichimliklarni o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga sotish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.
Energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish — fuqarolarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bunda qonunchilikka tarkibida 150 mg/l.dan ortiq miqdorda kofein va (yoki) inson organizmiga tonusni o‘zgartiruvchi ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli miqdordagi boshqa komponentlar mavjud bo‘lgan ichimliklar energetik ichimliklar hisoblanishi haqida qo‘shimcha ham kiritildi.
Reklama
“Reklama to‘g‘risida"gi Qonun ham energetik ichimliklar reklamasiga qo‘yiladigan talablar bilan to‘ldirildi. Ichimliklar namunalarini 18 yoshga to‘lmagan shaxslar orasida tekinga tarqatish, asosan 18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, shu jumladan sotish asosan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish ta’qiqlanmoqda.
Xususan, bu kabi mahsulot reklamasida bunday ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerak, energetik ichimliklar reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 ga qadar televideniye va radio orqali reklama qilish taqiqlandi.
Energetik ichimliklarni cheklash bilan bog‘liq normalar Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.