Xorij valyutasini noqonuniy ravishda olish yoki o‘tkazish uchun jarimalar miqdori oshirildi. Bu haqda “Iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonunda keltirilgan.
Fuqarolarning qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini olishi yoki oʻtkazishi shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar ancha miqdorda sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, valyuta ayirboshlash:
- takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
- koʻp miqdorda;
- bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilganda eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agarda juda koʻp miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etiladigan boʻlsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.