O’zbekistonda mintaqadagi birinchi blokcheyn-akademiya tashkil etiladi. Tegishli memorandum Respublika oliy biznes maktabi va Koreyaning KOBEA GROUP tomonidan imzolangan, deyiladi “O'zbekiston 24” telekanalining “Axborot” dasturida.

Xabarga ko’ra, Akademiya mamlakat va xorijda bunday mutaxassislar yetishmayotganini hisobga olib, noyob loyiha bo’lishni va’da qildi. Ta’lim jarayoniga soha bo’yicha yetakchi mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.

Kriptoaktivlarga qiziqqan barcha shaxslar, banklar va moliyaviy muassasalar xodimlari, fintex sohasidagi mutaxassislar blokcheyn, kripto va boshqa raqamli aktivlarning barcha jihatlari bo’yicha ta’lim olishlari mumkin. Kriptoaktivlarni saqlash va ulardan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash masalasi ustuvor bo’ladi.

Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar 2021 yilgacha o’qitilishi kerak bo’ladi.