Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan Toshkent bozorlarida monitoring o’tkazildi. Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Oʻrikzor, Chilonzor buyum bozori, Qatortol savdo kompleksi va Chorsu bozorlarida oʻtkazilgan monitoring jarayonida 127 holatda toʻlov terminallaridan foydalanmaslik, 104 holatda nazorat kassa mashinalarini ishlatmaslik, 77 holatda hujjatsiz faoliyat yuritayotganligi va 3 holatda isteʼmolchilarga sifatsiz mahsulotlar sotilayotganligi aniqlangan.
Oʻrikzor bozorida 13 nafar tadbirkorning faoliyatida oʻtkazilgan xronometraj (koʻzdan kechirish) tadbirida joriy yil yanvar oyining oʻtgan 20 kunida oʻrtacha tushum 14,6 mln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, oʻrganish kunida bir kunlik tushum 112,5 mln. soʻmni yaʼni, oldingi kunlarga nisbatan qariyb 8 baravarga oshdi.
Masalan, ushbu hududda savdo faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkor O.Salimov (ism-familiya oʻzgartirilgan) bank kassasiga kuniga oʻrtacha 551,1 ming soʻm savdo puli topshirib kelgan boʻlsa, xronometraj koʻzdan kechirish tadbiri oʻtkazilgan kuni tushum 8030,3 ming soʻmni tashkil etib, oldingi kunlarga nisbatan 15 baravarga oshgan.
Toʻlov terminali va nazorat kassa mashinalarini belgilangan tartibda ishlatmaganlik uchun Soliq kodeksiga asosan EKIHning 30 baravaridan 50 baravarigacha, toʻlov terminali orqali toʻlovlarni qabul qilishni rad etish eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida, hamda savdodan tushgan naqd pul mablagʻlarini bank kassalariga topshirmaslik, yashirilgan summaning 20%i miqdorida jarima hamda soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, deb baholanadi.