Axmet Demir “Chorsu” mehmonxonasini rekonstruksiya qilishdagi muammolar haqida so’z yuritdi. Bu haqda tadbirkor “Xalq so’zi"ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Tadbirkorning so’zlariga ko’ra, mehmonxonaning rekonstruksiya qilish ishlari ko‘ngildagidek emas. Ayrim muammolar bor.

“Eng katta muammoimiz esa — qog‘ozbozlik. Masalan, bir paytlar aytib o‘tganimdek, bizga qo‘shimcha yer kerak. Chunki mehmonxona kamida to‘rt yulduzli bo‘lib, 350 ta xonadan iborat bo‘ladi. Xorijlik hamkorlarimiz bunday yirik inshootda namunali xizmat ko‘rsatish uchun 2 gektarlik maydon kamlik qilishini aytishgandi”, — deydi Axmat Demir.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qo‘shimcha yer maydoni ajratish bo‘yicha murojaat etilib, natijada yana 3 gektar yer qo‘shib berilishini va’da qilingan.

“Ammo o‘sha qaror hanuz bajarilganicha yo‘q. Buning oqibatida ishimiz sustlashgan, eng yomoni, bankdan kredit ololmayapmiz. Bankka ikkita kadastr hujjatini ko‘tarib borib, kredit so‘rasam, „Biznes-rejangizda ko‘rsatilgan mana bu hududning hujjati qani?“ deyishadi. „Mutasaddi idoralar keyin qilib berar ekan“, deyman. Ammo ular ham chetdan kelmagan, shu yurtning fuqarolari. Yaxshi bilishadiki, „Keyin qilib beriladi“, degani ba’zan „Hech qachon qilib berilmaydi“, deganini anglatadi”, — deydi tadbirkor.

Uning so’zlariga ko’ra, mehmonxonada xalqaro analoglardagi barcha shart-sharoit yaratiladi. Ochiq va yopiq hovuz, tennis korti, yirik anjumanlar, tantana hamda marosimlar o‘tkaziladigan muhtasham zal, ishbilarmonlar uchun har xil sig‘imdagi bir nechta konferens-zallar bo‘ladi.

“Qolaversa, mehmonxonaga tutash hududda Hunarmandlar majmuasini tashkil etishni mo‘ljallaganmiz. Zargarlar, yog‘och o‘ymakorlari, kandakorlar, naqqosh, rassom va xattotlarga shu yerda ishlashlari, mahsulotlarini sotishlari uchun zarur imkoniyatni yaratib beramiz”, — deydi turk ishbilarmoni.

Majmua hududida yana ikki qavatli uchta bino qurilib, ulardan bittasi chet ellik investorlarga ofis sifatida taqdim qilinadi. Ikkinchisi “Cover work center” bo‘lib, u yer yosh tadbirkorlar uchun ajratiladi, uchinchisi esa oilaviy mehmonxona sifatida xizmat ko‘rsatadi.