Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, endilikda, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini olish “E-IJRO AUKSION"da elektron auksionlar o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
0,04 gektar va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi auksionda realizatsiya qilinadi.
Ariza tuman (shahar) hokimligiga beriladi hamda komissiya tomonidan o‘n kunda ko‘rib chiqiladi.
Komissiya ijobiy xulosa chiqarsa hokim yer uchastkasi berish haqida bir kunda qaror qabul qiladi hamda uch kunda yer uchastkasi chegaralari o‘lchab beriladi.
Yer uchastkalarini auksion orqali olishda, auksionlar o‘tkazilishi haqidagi xabarnomalar 30 kun oldin “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi"ning veb-portalida joylashtiriladi.
Auksionda ishtirok etishga buyurtmanomalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab veb-portalda avtomatik tarzda boshlanadi va auksionni o‘tkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13−00 da) yakunlanadi.
Auksion ish kuni mobaynida soat 9:00 dan soat 18:00 gacha o‘tkaziladi.
Boshlang‘ich narx sifatida auksion obyektining minimal qiymatiga teng narx belgilanadi. Auksion g‘olibi auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay yer uchastkasining pulini to‘lashi kerak.
Belgilangan muddatda pul to‘lanmasa auksion natijasi bekor qilinadi hamda g‘olibdan keyin yer uchastkasining narxi bo‘yicha eng yuqori stavkani qo‘ygan auksion ishtirokchisiga yer uchastkasini olish haqida taklif yuboriladi.