Prezident “Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hujjatni imzoladi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan quyidagi tartib o‘rnatiladi:
- davlat soliq xizmati organlari soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli ijro hujjatlari qaytarilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmasdan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi;
- bankrotlik to‘g‘risidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar summasi EKIH miqdorining kamida uch yuz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa EKIH miqdorining kamida yigirma karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, sud tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin;
- tugatishga doir ish yuritish muddati 9 oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda ushbu muddat bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosnomasiga asosan sud qarori bilan 3 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin;
- benefitsiar va affillangan shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlari aniqlanganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mazkur shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiar javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi;
- bankrotlik taomillari qo‘llanilgan qarzdorlarning mol-mulki sud boshqaruvchilari tomonidan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali sotiladi.
Shuningdek, 2019 yil 1 maydan:
- davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda sud boshqaruvchilarini davlat soliq xizmati organlari xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti bekor qilinadi;
- shunday tartib joriy qilinadiki, unga muvofiq davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda:
- to‘rtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega bo‘lgan va O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Assotsiatsiya) a’zolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi;
- qarzdor turgan joydagi tuman (shahar) soliq inspeksiyasining qaroriga asosan, har bir yakunlangan tugatishga doir ish bo‘yicha Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidansud boshqaruvchilariga EKIHning yigirma baravari miqdorida haq to‘lanadi;
- soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni uzishda to‘langan qarz summasining 5%i miqdorida sud boshqaruvchilariga qo‘shimcha haq to‘lanadi;
2019 yil 1 apreldan sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholash haqidagi ma’lumotlarni har chorakda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish va rasmiy veb-saytda joylashtirish ta’minlanadi.